Ukraina Qurolli Kuchlarining Kursk viloyatiga bergan raketa zarbasi natijasida KXDRning yuqori martabali generali yaralandi.
Bu haqda The Wall Street Journal ma’lum qildi.
Gazetaning manbalariga tayanib yozishicha, shimoliy koreyalik zobit yaqinda Kursk viloyatiga Storm Shadow raketalari bilan uyushtirilgan hujumi chog‘ida yaralangan. Manba Shimoliy Koreya harbiy rahbarining ahvoli haqida ma’lumot bermagan, shuningdek uning ismi ham oshkor etilmagan.
"G‘arb rasmiylariga ko‘ra, bu Rossiya-Ukraina urushi chog‘ida KXDRning yuqori martabali harbiy ofiserining yaralanishi bilan bog‘liq birinchi holatdir", deb yozadi WSJ.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ommaviy axborot vositalari Rossiya Qurolli kuchlarining Marinodagi prezident ma’muriyati sanatoriysi yaqinidagi qo‘mondonlik punktiga Ukraina tomonidan raketa zarbasi berilganligi haqida xabar bergan edi.