— Ko‘p shaklli eritema — o‘tkir allergik kasallik. Bu xastalik belgilari kuzatilganda darhol allergolog va dermatolog mutaxassisga murojaat qilish zarur. Shifokor kengaytirilgan allergologik anamnez va UTT tekshiruvlari yordamida tashxis qo‘yadi.
Shundan so‘ng tegishli muolajalar belgilanadi. Bunda kasallik turi, uning tez-tez takrorlanish, shilliq qavatlar shikastlanish darajasi, teri toshmasi ko‘lami kabi omillar hisobga olinadi.
Davolash jarayoni asosan bemor umumiy ahvolini yaxshilash va toshmalarni kamaytirish, xastalikning qaytalanish xavfini bartaraf etish, asoratlarning oldini olish va immunitetni oshirish kabi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘p shaklli eritemaning har qanday turida giposensibilizasiya qiluvchi muolaja va antigistamin (antiallergik) preparatlar qo‘llaniladi.
Og‘iz bo‘shlig‘i va boshqa a’zolar shilliq pardalari shikastlanganda, yallig‘lanishni yengillashtiruvchi va infeksiyani barataraf etuvchi aralashmalar — rotokan, moychechak qaynatmasi bilan chayish tavsiya etiladi.
Mahalliy ferment preparatlari yallig‘lanish o‘choqlarini nekrotik to‘qimalardan tozalashni tezlashtirishga yordam beradi.
Engil holatlarda uyda davolanish maqsadga muvofiq. Kasallik og‘ir kechganda, shuningdek, ambulator davolanish yetarli samara bermasa, stasionar sharoitda muolajalar olish buyuriladi.
Bemorni izolyasiya qilish talab qilinmaydi. Chunki u atrofidagilar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydi.
O‘z navbatida, ko‘p shaklli eritemadan aziyat chekayotganlar shifokor tavsiyasiga ko‘ra gipoallergen parhezga amal qilishi lozim bo‘ladi.
Kasallikning toksik-allergik turida muaolajalar asosan qo‘zg‘atuvchi moddani aniqlab, uni organizmdan chiqarishga qaratiladi.
Shu maqsadda bemorga ko‘p miqdorda suyuqlik, enterosorbentlar va peshob haydovchi vositalar beriladi.
Ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikni aniqlash va davolashning zamonaviy usullari qo‘llanilmoqda.