Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “F.Sh.” MCHJga qarashli dorixona rahbari R.B. va sotuvchisi O.SH. xaridorga hech qanday hujjatsiz jami 105 dona “Gabapentin” va “Karbamazepin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini shifokor reseptisiz sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Bektemir tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.R. noqonuniy daromad orttirish maqsadida jami 44 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro S.B.ga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan jami 53 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.