Bugun 25 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

«Kuchli bo‘lib qaytamiz» — Abdumalik Halokov IBA’ning qaroriga munosabat bildirdi

«Kuchli bo‘lib qaytamiz» — Abdumalik Halokov IBA’ning qaroriga munosabat bildirdi

O‘zbekistonlik bokschi, Parij Olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Halokov Dubay shahri mezbonlik qilgan IBA Jahon chempionati finalidagi qaror o‘zgarishsiz qoldirilganiga munosabat bildirdi.

“Mashg‘ulotlarni boshladik, nima bo‘lgan taqdirda ham barchasi Allohdan. Kuchli bo‘lib qaytamiz”, dedi Halokov.

Avvalroq, Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati final jangiga oid rasmiy ma’lumotni e’lon qilgan edi. −60 kg vazn toifasida o‘tgan Abdumalik Halokov va rossiyalik Vsevolod Shumkov o‘rtasidagi final jangi davomida raqib bokschi o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining qulog‘ini tishlab olgan edi. IBA xabariga ko‘ra, ushbu holat tasodifiy deb topilgan va jang natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan. Shu sababli final bahsining natijasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, referi voqeaga juda yaqin bo‘lgan va jangni to‘xtatish uchun asos ko‘rmagan. Shuningdek, IBA ma’lumotida Halokov bahsni odatdagi tartibda davom ettirgani ta’kidlangan.

Munosabatda O‘zbekiston terma jamoasi mazkur holat bo‘yicha musobaqa yakuniga qadar apellyasiya bermagani alohida qayd etilgan.

IBA prezidenti Umar Kremlyov ham Jahon chempionati finalida yuz bergan mojaroli holat — “quloq tishlash” epizodi bo‘yicha tashkilotning chiqargan qaroriga o‘z munosabatini bildirdi.

“Bu jang keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu bahsda Shumkov g‘alaba qozondi. Hakamlar to‘g‘ri qaror chiqardi. Biroq uchinchi raundning uchinchi daqiqasida Shumkov tomonidan Halokovning qulog‘ini tishlashga urinish sodir bo‘ldi. Bu boksda taqiqlangan holat. Ammo bu epizod jang natijasiga ta’sir qilmagan, shuning uchun na bokschi, na murabbiy, jang davomida ham, undan keyin ham hech qanday shikoyat bildirmagan. Tartib-intizom va etika qo‘mitasi vaziyatni chuqur tahlil qildi. Jang natijasi bo‘yicha hech qanday shubha yoki e’tiroz bo‘lishi mumkin emas: Shumkov bu jangda haqqoniy ravishda g‘alaba qozondi”, deydi Kremlyov.

Shu tariqa, jang natijasi o‘zgarmadi va Abdumalik Halokov Jahon chempionatini kumush medal bilan yakunladi. Vsevolod Shumkov esa oltin medalni o‘zida saqlab qoldi.

Kiritildi: 22:37 24.12.2025. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!