2013 yildagi uchrashuvda Vladimir Putin Pavel Durovga Rossiyada emas, boshqa davlatda biznes bilan shug‘ullanishni tavsiya qilgan — “Agentstvo”.
Pavel Durovning aytishicha, 2013 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. O‘sha paytda Pavel Durov “Vkontakte” messenjeriga ham egalik qilgan. Ushbu uchrashuvda rasmiylar Durovni Putinga tanishtirishgan.
"Eshitishimcha, sizlarda pornografiya va noqonuniy filmlar bor, bizga Rossiyada bunday narsalar kerak emas", — degan Putin. Durovning aytishicha, Putin unga "Isroilda biznes yuritishni" tavsiya qilgan.
Aynan shu uchrashuvdan keyin Durov nafaqat “VKontakte”dan qutulishga, balki qamoqqa tushib qolmaslik uchun barcha loyihalarini Rossiyadan iloji boricha uzoqqa ko‘chirishga qat’iy ravishda qaror qilgan.
Shuningdek, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov Pavel Durovning oldiga kelib, Telegram'ning ma’lumot uzatish protokoli kalitlarini "Kriptografiya instituti direktoriga berishni" aytgan. Durovning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya rasmiylariga buni ilojsizligini tushuntirish befoyda ekanini anglagan.
2024 yilda Putin Moskvada Durov bilan "ko‘p yillar avval" bir marta uchrashganini aytib, Kremlning unga nisbatan hech qanday e’tirozi bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.