Bugun 23 sentyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

“Kuboginggayam! “Real”inggayam! Ayniqsa, anavi Peresingga!” Zidandan “Zidancha” iste’fo!

“Kuboginggayam! “Real”inggayam! Ayniqsa, anavi Peresingga!” Zidandan “Zidancha” iste’fo!

Ayni damda Zinedin Zidanning “Real”dan ketgani asosiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Boisi, garchi oldinroq fransiyalik mutaxassisning omadsiz mavsum tufayli jamoadan ketishi haqida gap-so‘zlar yurgan bo‘lsa-da, “Real” YECHL bosh sovrinini ketma-ket uch marta qo‘lga kiritib, o‘z rekordini yangilagandan keyin ko‘pchilik Zidanning qolishiga ishongandi. Hatto xorij nashrlarida ham fransiyalik mutaxassisning ketishi haqidagi fikrlar tinchib qolgandi. Biroq xuddi shu pallada Zidan ketishini e’lon qilib qo‘ya qoldi. Xo‘sh, buning sabablari nimada?

BIRINCHI SABAB — PERES

Albatta, bizningcha, Zidan “qirollik klubi”dan ketishni istamagan. Bu yerda Florentino Peresning ham hissasi bor. Chunki Zidan farzandlarini endigina katta futbol bilan tanishtira boshlagandi, xususan, Luka Zidan YECHL finali qaydnomasiga kiritildi. Zidan o‘g‘illarining yaxshi futbolchi bo‘lib yetishishiga yordam berishni istagani bor gap. Bunday vaziyatda u jamoadan ketishni istamasdi. Biroq so‘nggi paytlardagi mojarolar, transfer borasidagi kelishmovchiliklar Peres va Zidanning munosabatlarini sovitgani bor gap. Garchi jurnalistlar, jamoatchilik ko‘z o‘ngida bu ikki inson yuqoridagi omillarni rad etishsa-da, ammo Zidan va Peres o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqiqatga yaqinroq. Shu bois Zidan bu kurashda Peresdan ustun kela olmasligini tushunib yetgan va tinchgina iste’foga chiqqan.

IKKINCHI SABAB — MAJBURIY ISTE’FONING OLDINI OLISh

Zidan iste’foga chiqqanini quyidagicha izohladi: “Real” keyingi mavsumda men bilan qiynalishi mumkin”. Albatta, bu ochiq-oydin haqiqat ekanligi ko‘rinib turgandi. Zidanning “Real”i La Ligada “Barselona”ga oshkora yutqazdi. Chempionlar ligasida esa qiyinchilik bilan zafar quchdi. Bunday omad esa har doim ham kulib boqavermaydi. Agar yana bir mavsum jamoada qolganida, ehtimol, “Real”ning natijalari yanada susayar va Zidan majburiy tarzda iste’foga chiqardi. Fransiyalik mutaxassis Mourinyo, Maradona, Lui van Gal va shunga o‘xshash boshqa murabbiylar kabi sharmandali tarzda jamoadan haydalgandan ko‘ra Ser Aleks Fergyusonga o‘xshab o‘z vaqtida obro‘si borida klubdan ketishni afzal bildi.

Zidanning or-nomusi kuchli. U nafsoniyatini, qadr-qimmatini har narsadan ustun qo‘yadi. Buni o‘sha mashhur finalda ko‘rganmiz. Fransiya — Italiya bahsi va Zidanning kalla qo‘yishi. O‘shanda aynan or-nomusi tufayli Zidan o‘zini boshqara olmagan va hakam tomonidan qizil kartochka olib maydan chetlatilgandi. Bu safar ham shunga o‘xshash holat yuzaga kelishini istamagandir, balki. Ehtimol, Peres ham uning nafsoniyati tegib qo‘ysa, Zidan Peresni ham ayamasligi aniq-ku (hazil). Nima bo‘lganda ham, muxlislar Zidanni shu paytgacha afsonaviy futbolchi sifatida eslashardi. Endi unga afsonaviy murabbiy xotirasi ham qo‘shildi.

Zidanning ketishiga biz ta’kidlab o‘tmagan boshqa omillar ham sabab bo‘lgandir. Biz unga kelajakda omad tilab qolamiz.

Kiritildi: 08:46 02.06.2018. O'qildi: 5648 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!