Qo‘shma Shtatlar ushbu sanksiyalarni amaldorlarning oila a’zolariga, shuningdek Kuba adliya va jazoni ijro etish tizimidagi ayrim xodimlarga ham tatbiq etmoqda.
AQSh ma’muriyati Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va mamlakatning ikki yuqori lavozimli amaldoriga nisbatan viza cheklovlari joriy etdi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio rasmiy bayonotida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu sanksiyalar inson huquqlarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq harakatlar uchun qo‘llanilgan.
Sanksiyalar Kuba Inqilobiy Qurolli Kuchlari vaziri Alvaro Lopes Miyera va Ichki ishlar vaziri Lazaro Alberto Alvarez Kasasga ham tegishli. Bayonotda ularning 2021 yil iyul oyidagi norozilik namoyishlarida ishtirokchilarni noqonuniy hibsga olish va qiynoqlarga solish holatlariga aloqadorligi ta’kidlangan.
Qo‘shma Shtatlar ushbu sanksiyalarni amaldorlarning oila a’zolariga, shuningdek Kuba adliya va jazoni ijro etish tizimidagi ayrim xodimlarga ham tatbiq etmoqda. Mazkur shaxslarning ismlari va lavozimlari ochiqlanmagan.
Bundan tashqari, AQSh Gavanadagi Torre K mehmonxonasi kabi Kuba hukumati bilan aloqador deb hisoblangan 11ta mulkka ham moliyaviy sanksiyalar joriy qilganini bildirdi. Mulklarning to‘liq ro‘yxati esa hozircha e’lon qilinmagan.