Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel orolning uch oylik neft blokadasidan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokaralar olib borayotganini ilk bor rasman tasdiqladi.
WSJ keltirgan bayonotga ko‘ra, muloqotdan maqsad ikki tomonlama kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilish, umumiy tahdidlarga qarshi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va Lotin Amerikasida xavfsizlikni mustahkamlashdir. Shu bilan birga, Kuba yetakchisi bu jarayon ancha vaqt talab qilishi mumkinligini bildirdi.
"Muzokaralar Vashington tomonidan misli ko‘rilmagan bosim o‘tkazilayotgan bir paytda boshlandi. 2026 yil boshida AQSh Venesueladan Kubaga yetkaziladigan va orolning energiya ehtiyojlarining 50 foizigacha qoplaydigan neft ta’minotini amalda to‘sib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, Vashington bosimi ostida Meksika ham Kubaga neft yetkazib berishni to‘xtatdi", deya yozmoqda nashr.
Yanvar oyi oxirida Tramp “Kuba tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid” tufayli AQShda favqulodda holat e’lon qildi va orolga bevosita yoki bilvosita neft yetkazib beruvchi davlatlardan importga qo‘shimcha bojlar joriy etishga ruxsat berdi. Bularning barchasi Kubada og‘ir yoqilg‘i inqirozini keltirib chiqardi.
The Atlantic nashrining Oq uydagi manbalari Kuba Trampning “Eron va Venesueladan keyingi navbatdagi nishoni” bo‘lishi mumkinligini bildirgan. AQSh prezidenti, agar Gavana Vashington bilan kelishuvdan bosh tortsa, orolni “do‘stona egallab olish” imkoniyatini ham inkor etmadi.