AQSh prezidenti bilan kechki taomda ishtirok etish uchun o‘tkazilgan tanlovning 220 nafar g‘olibi kriptovalyuta xarid qilishga jami 394 million dollar sarflagan. Bu har bir kishi uchun o‘rtacha 1 788 994,42 dollardan to‘g‘ri keladi, deb xabar beradi NBC News.
Blokcheyn tahlili bilan shug‘ullanuvchi Nansen kompaniyasi tahliliga ko‘ra, ismini oshkor etmagan 200 nafardan ortiq boy inson Donald Tramp bilan Vashingtonda kechki taomda ishtirok etish uchun $TRUMP memkoinini xarid qilish maqsadida 55 ming dollardan 37,7 million dollargacha mablag‘ sarflagan.
Eng yuqori 7 nafar g‘olib 10 million dollardan ziyod mablag‘ sarflagan bo‘lsa, eng past 24 nafar g‘olib 100 ming dollardan kam sarflagan. G‘oliblarning uchdan bir qismi — 67 nafar ishtirokchi 1 million dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirgan.
Bu tanlovning 220 nafar g‘olibi Vashingtondagi Trump National Golf Club’da kechki taomga taklif qilingan.
Tanlovning rasmiy veb-saytida aytilishicha, $TRUMP tangalarining 80 foizi Tramp bilan bog‘liq bo‘lgan CIC Digital va Fight Fight Fight LLC kompaniyalariga tegishli.