Ukrainadagi urush mavzusi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, Vazirlar kengashi raisi Muhammad bin Salmon Ol Saudning telefon orqali suhbatida muhokama qilindi.
Bu haqda Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi, ammo tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortdi.
«To‘qnashuv mavzusiga to‘xtalib o‘tildi, bizda boshqa gap yo‘q», - dedi Kreml vakili.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi chorshanba kuni Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Saudiya Arabistoni matbuot agentligining xabar berishicha, suhbat chog‘ida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush muhokama qilingan va «o‘zaro manfaatli bo‘lgan bir qator masalalar va mavzular, jumladan, Rossiya-Ukraina inqirozining rivojlanishi va bu yo‘nalishda ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar» muhokama qilingan.
Kreml matbuot xizmati telefon suhbati mavzulari qatoriga mamlakatlarning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligi, OPEK+ doirasidagi muvofiqlashtirish, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish, Qozondagi BRIKS sammiti natijalarini ham kiritdi. Matbuot xizmati bayonotida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusi tilga olinmagan.