"Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar mavzusi hozircha nazariy masala. Avvalo, muammoni hal qilish zarur, biz uchun “Maxsus harbiy operasiya” oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini qayd etish muhim. Rossiya uchun bu siyosiy-diplomatik vositalar orqali amalga oshirilishi afzalroq, biroq hozirgi sharoitda bu vositalar imkonsiz bo‘lib qolgan, shuning uchun “Maxsus harbiy operasiya” davom etmoqda", — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning muloqotni boshlashga oid barcha takliflari ham Ukraina, ham G‘arb tomonidan rad etilgan.
Rossiyaning keng ko‘lamli urushdagi rasmiy maqsadlari sifatida Ukrainaning “demilitarizasiyasi” va “denasifikasiyasi” ko‘rsatilgan. Moskva, shuningdek, Qrimning Rossiya hududi sifatida tan olinishi hamda “Donesk Xalq Respublikasi” va “Lugansk Xalq Respublikasi”ning mustaqil davlatlar sifatida e’tirof etilishini talab qilmoqda.
Ukraina esa mart oyidan beri Rossiyani osmon, quruqlik va dengizda to‘liq va dastlabki shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib kelmoqda, biroq Moskva o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortmoqda.