Rossiya Boku shahrida joylashgan «Rus uyi»ning yopilishidan afsusda ekanligini bildirdi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
💬 «Biz bu qarordan afsusdamiz. Buni ikki tomonlama muzokaralar orqali hal qilish mumkin bo‘lgan tushunmovchilik deb hisoblaymiz», — dedi Peskov.
📌 Rossiya mazkur muammoni turli darajalarda, jumladan, davlat rahbarlari darajasida muhokama qilish niyatida.
📌 Agar oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilsa, bu masala ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotda ko‘tarilishi mumkin.
🔹 Boku nega «Rus uyi»ni yopdi?
🔸 Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga nota yo‘llab, «Rus uyi»ning ro‘yxatdan o‘tmagani va mahalliy qonunchilikni jiddiy buzganini sabab qilib ko‘rsatgan.
🔸 Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova esa zarur talablarni bajargan holda markazni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Mahalliy BakuTV kanali «Rus uyi»ni Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq faoliyat yuritishda aybladi.
«Rossotrudnichestvo» rahbari Yevgeniy Primakov bu ayblovlarni rad etib, tashkilotning obro‘sini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishini e’lon qildi.
🔹 «Rus uylari» nima bilan shug‘ullanadi?
«Rus uylari» Rossiya madaniyati, fani va ta’limini targ‘ib qiluvchi markazlar bo‘lib, ular «Rossotrudnichestvo» agentligi boshqaruvi ostida dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat yuritadi.
Qiziqarli jihati shundaki, Ozarbayjon ayni vaqtda Amerika xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatini ham to‘xtatmoqda.