Ma’lumki, amaliyotda kreditga olingan uylar olingan kreditning ta’minoti sifatida garovga olinadi. Ya’ni, o‘rtada tuzilgan garov shartnomasiga asosan to kredit qarzdorligi to‘lanmaguncha o‘sha olingan uyga banklar tomonidan sotish uchun taqiq qo‘yilgan bo‘ladi.
Lekin, uyni sotish kerak, bunda qanday yo‘l tutish mumkin?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada huquqiy tushuntirish berdi:
– “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida, ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulk, agar ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ipotekaga qo‘yuvchi tomonidan sotish, hadya etish, ayirboshlash orqali yoki o‘zgacha usulda faqat ipotekaga oluvchi(Bank)ning roziligi bilan tasarrufdan chiqarilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ya’ni, agar bank mabodo, o‘sha uyni sotish uchun yozma ravishda rozilik bersa, shunda uyni sotish mumkin bo‘ladi lekin, banklardan bunday rozilikni olish osonlik bilan hal bo‘lmaydi.
Demak imkoni yo‘q ekanda, deb o‘ylashingiz mumkin.
Fuqarolik kodeksi 322-moddasida qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish degan norma bor. Agar kredit bergan bank rozilik bersa, shu ipoteka kreditini boshqa bir to‘lovga layoqatli shaxsga (yangi qarzdorga, yoki sotmoqchi bo‘lgan o‘sha odamga) o‘tkazish mumkin.
Bunda Siz bilan bank o‘rtasida tuzilgan shartnomaga o‘zgartirish kiritiladi va shartnoma bo‘yicha Sizni zimmangizda bo‘lgan barcha majburiyatlar ikkinchi shaxsga o‘tadi. Banklarning shu shartga rozi bo‘lish ehtimoli yo‘q emas.