Bugun 7 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

Korrupsiyaga qarshi kurash – taraqqiyot va adolat garovi

Korrupsiyaga qarshi kurash – taraqqiyot va adolat garovi

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda "Korrupsiyaga qarshi kurashish"oyligi doirasida partiya va Agentlikning hududiy va mahalliy tuzilmalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari hamda aholi vakillari ishtirokida “Aholining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish – qonun ustuvorligi garovi” mavzusida davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi tomonidan Olmazor tumanidagi "Qichqiriq" mahallasida bo‘lib o‘tgan “Korrupsiyaga qarshi jamoaviy kurash – adolat kafolati” nomli tadbirda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Maxmudova, partiya Markaziy apparati faollari, partiyaning Toshkent shahar va Olmazor tuman Kengashlari mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari, diniy idora vakillari, mahalla aholisi va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan partiya yetakchisi “Adolat” SDP nafaqat aprel oyida, balki kelgusida ham korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli faoliyatni izchil davom ettirish maqsad qilinganiga alohida to‘xtaldi. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishda nafaqat davlat organlari, balki jamiyatning har bir a’zosi faol ishtirok etishi shartligini ta’kidladi.

– Ushbu ezgu maqsad yo‘lida birlashsak, adolat qaror topishiga, jamiyat taraqqiyoti va tinch-osuda, farovon hayotni ta’minlashga munosib hissa qo‘shamiz. “Adolat” SDP hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi”da barchangizni faol ishtirok etishga chaqiraman. Zero, korrupsiyaga qarshi kurash — davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim omili. Shunday ekan, mazkur illatga murosasiz bo‘lish va korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birdek mas’ulmiz!– dedi Robaxon Maxmudova.

Tadbir ishtirokchilari korrupsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga salbiy ta’siri, uning huquqiy va mafkuraviy muammolari hamda bu illatga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratining o‘rni haqida fikr almashishdi. Shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ularni qonun buzilishlariga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.

– Partiyaning Toshkent shahar Kengashi tomonidan oylikning birinchi haftasi davomida poytaxt mahallalarida davra suhbatlari va uchrashuvlarni yuqori saviyada, turli sohalar mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi, –
deydi “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi Muharram Dadaxodjayeva. – Muloqotlar davomida fuqarolarimizga kundalik hayoti davomida korrupsiyaning u yoki bu ko‘rinishlari, ta’magirlik holatlariga duch kelganda, qanday huquqiy mexanizm yoki ta’sir choralarini ko‘rishi mumkinligi haqida tushunchalar berilmoqda. Shahar Kengashi tarkibidagi mahalliy kengashlar tomonidan bu borada har bir tumanda kunning birinchi va ikkinchi qismida ikkitadan tadbir va suhbatlar tashkil etilyapti.

Suhbatdan so‘ng partiya rahbari "Qichqiriq" mahallasida aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mahalla institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammo va takliflarni o‘rgangan holda hamkorlikda ishlash bo‘yicha MFY vakillari bilan fikr almashdi.

Kiritildi: 16:54 02.04.2025. O'qildi: 666 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!