Bu haqda The Washington Post nashri xabar bermoqda.
Prezident Donald Tramp Xitoy bilan yaqin ittifoqini uzish uchun Rossiya bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda, biroq bunday strategiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin, deb yozmoqda The Washington Post gazetasi sharhlovchisi Devid Ignatius.
Sharhlovchi prezident Tramp qo‘llay boshlagan taktikani “teskari Kissinjer” deya ta’riflaydi.
"1970 yillarda o‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Genri Kissinjer Vashingtonning SSSR bilan hamkorligiga putur yetkazish uchun Xitoy bilan aloqalarini rivojlantirgandi. Endi esa Tramp xuddi shu tryukni amalga oshirishga harakat qilmoqda, biroq Rossiya bilan", deyiladi nashr xabarlarida.
"Donald Tramp Moskvani Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga sherik qilish orqali uchta ta’sir doirasini yaratishiga ishonadi AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasida muvozanatlashtiruvchi kuch bo‘ladi", – deya ta’kidlaydi Ignatius.
WP ekspertining fikricha, bu g‘oya "mutlaqo noto‘g‘ri", Tramp, shuningdek, Vladimir Putin va Si Jinpin o‘rtasida qanchalik yaqin munosabatlar o‘rnatilganiga yetarlicha baho bermayapti.
"Ayni paytda AQSh Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilariga katta zarar yetkazishi mumkin, chunki endi u yerda joylashgan davlatlar Qo‘shma Shtatlarning Rossiya va Xitoy hokimiyatini jilovlash istagiga shubha qilmoqda", – deya xulosa qiladi sharhlovchi Devid Ignatius o‘z maqolasida.