Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Koronavirusga chalinganlarni davolagan shifokor: "Gippokrat qasamini ichganmiz. Allohga tavakkal qildik"

Koronavirusga chalinganlarni davolagan shifokor: "Gippokrat qasamini ichganmiz. Allohga tavakkal qildik"

Bugungi kun qahramonlaridan biri, sog‘ayib ketgan bemorni davolagan shifokor Xushnura Saidgaziyeva bilan ham suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

– Shu kasbni tanlaganimga, aynan shu shifoxonada ishlayotganimga 25 yil to‘ldi. Har xil davrlar bo‘lgan, qiyin kunlarni ham ko‘rdik. Ammo ko‘ksimni to‘ldirib ayta olamanki, mana shu o‘tgan kunlarchalik o‘z kasbimdan g‘ururlanmaganman, xalqim, davlatim rahbari qo‘llab-quvvatlashini his qilmaganman.
– Bugun 7 nafar bemor sog‘ayib chiqqanida ko‘nglingizdan nimalar kechdi?
– Biz shifokorlar har qanday holatda bemorga yordam berish bo‘yicha Gippokrat qasamini ichganmiz. Mana shu kasallikka qarshi kurash boshlaganimizda Allohga tavakkal qilganimizni yana bir bor his qildim. Yangi kasallik, bemorlar umid bilan tikilib turishibdi. Hammamiz hamjihatlikda bemorlarimizning tushkunlikka tushib qolmasligi uchun harakat qildik va ular ham bizga katta yordam berishdi. Faqat ana shu qo‘lni-qo‘lga berish orqali bugungi muvaffaqiyatga erishdik.
– Ta’minot bo‘yicha muammolar sezilmadimi?
– Umuman sezilmadi. Davlatimiz, vazirligimiz har qanday davo vositasini uzluksiz yetkazib berib turdi. Sutkasiga 20 soatlab ishlasak-da, ruhan tetik yurdik, biror kamchilik sezmadik.
– Shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan chellenjdan xabar topdingizmi?
– Albatta, bu ham ko‘zimizga yosh keltirgan holatlardan biri bo‘ldi. Bemorlar oldida uzluksiz bo‘lib, bu holatni to‘liq kuzata olmadim, lekin eshitishim bilan shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlandim. O‘zbekiston o‘z farzandini tashlab qo‘ymaydi.
– Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha prezident qarori ham chiqdi.
– Ayni bizda ish qizg‘in paytda bu qaror chiqqanini eshitdik. Yuqorida aytganimday hech qachon o‘z kasbimdan bu qadar g‘ururlanmaganman. Albatta, moddiy rag‘batlantirish ham muhim. Lekin eng muhimi ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni his qildik. Bu qaror umuman barcha tibbiyot xodimlariga juda katta dalda bo‘ldi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Kiritildi: 22:26 29.03.2020. O'qildi: 2944 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!