Bugun 17 aprel, 2026 yil, juma

КИР

Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgarish

A A A
Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgarish

Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgarish

31-modda.

Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Tezislar

Nima uchun tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvini eshitishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkazilmoqda? Buning ahamiyati nimada ?!
Sababi bu xuddi qo‘zichoqni bo‘riga ishonishdek gap. Bugungi zamonaviy qarashlar o‘tmishdagidek emas. Insonning shaxsiy hayoti muqaddas tushunchaga aylanmoqda. Inson tug‘ilganidan boshlab u haqidagi ma’lumotlar uning hayoti davomida biror-bir joyda “iz” qoldiradi. Shifoxonada, FHDYo bo‘limlarida, bog‘chada, maktabda, banklarda va boshqa tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoki ma’lumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir ma’lumotlar mavjud.
Shu sababli ham tergov organiga fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashib uning telefon so‘zlashuvini eshitish bo‘yicha o‘zi mustaqil qaror qabul qilish vakolatini boshqaga berib bo‘lmaydi. Albatta tiyib turuvchi mexanizmlar kerak.
Endilikda bu tartibga solinib, tintuv va telefon eshitish doirasi ham sud tomonidan belgilanishi, bunga qay darajada zaruriyat borligi xolis va mustaqil sudya tomonidan baholanishi belgilanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitusiyada mustahkalanmoqda.
Har bir fuqaro, har bir oila o‘zining shaxsiy hayoti va oilaviy sirini himoya qilish, o‘z mulkiga ega bo‘lishi va uning daxlsizligiga o‘zga shaxslarning tajovuzidan xavotirsiz hayot kechirishi lozim.
Telekommunikasiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan axborot va ma’lumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashdi va xalq ichida ommaviylashdi.
Endilikda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, yozishmalari va biometrik ma’lumotlarini saqlash va tarqatilishida tashqi ta’sirlardan himoya zarurati yuzaga keldi. Mazkur daxlsizlik huquqlari konstitusiyaga kiritilmoqda va shaxsiy, oilaviy sir va ma’lumotlar noqonuniy to‘planishi va tarqalib ketishi cheklanmoqda.
Bundan tashqari Konstitusiya loyihasida uy-joyga bo‘lgan huquq daxlsiz etib belgilanmoqda.
Hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi mustahkamlanmoqda. Mazkur normani Konstitusiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim ekanligini alohida qayd etish lozim.

Xulosa

Ommaviy kommunikasiyalar rivojlanishi bilan bugun ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma’lumotlari, ming afsuski, uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Natijada ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid ma’lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rib qolmoqda. Shu sababli mazkur masalalarga fundamental yechim yasash maqsadida Konstitusiyaga alohida normalar kiritilishi davr taqazosi deyish mumkin.
Insonlarning yashash huquqiga taalluqli eng asosiy talablar qatoridagi uy-joy mol-imulkiga tajovuzdan himoyada yashash huquqi, shaxsiy ma’lumotlar sirligi har bir fuqaroning hayotidagi birlamchi zaruratlardan biri sifatida daxlsizlik toifasiga kiritilmoqda va kafolatli himoyaga olinmoqda.

44-modda.

Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi.

Tezislar

Eski sovet tuzumidan qolgan yomon odatlardan biri bu ijtimoiy soha vakillari, talabalar va hattoki maktab o‘quvchilarini majburiy mehnatga, xususan, paxta terish yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlarigajalb qilish edi.
Natijada nimaga erishdik? O‘quvchi va talabalar tayinli ta’lim olmadi, o‘qituvchi va shifokorlar o‘z ustida ishlab, sifatli xizmat ko‘rsatishning o‘rniga dalaga chiqib, paxta terishdi. Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizga, balki O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi 2008 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi Konvensiyani (1999) ratifikasiya qilgan.
Ushbu konvensiyaga muvofiq “bolalar mehnatining eng yomon shakllari” deganda qullik, jinsiy ekspluatasiya, bolalarni qurolli to‘qnashuvlarda, noqonuniy faoliyatda yoki ularning sog‘lig‘iga, axloqiy va psixologik holatiga zarar yetkazadigan xavfli ishlarda ishlatish tushuniladi.
O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida bunday qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish ishlari o‘zining ijobiy natijasini berib ushbu sa’y-harakatlar xalqaro miqyosda e’tirof etildi.Xalqaro reytinglardagi o‘rnimiz ancha yaxshilandi, bu esa yurtimizga ko‘plab investisiyalar jalb qilinishiga, iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga xizmat qilyapti.
Bolalar o‘qishda, shifokor va o‘qituvchilar ishda bo‘lishlari to‘g‘ri siyosiy qaror edi. Majburiy va bolalar mehnatining man etilishi Konstitusiyada belgilab qo‘yilishi ushbu siyosiy qaror abadiy ekanligini ko‘rsatadi.

Xulosa

Uzoq yillar respublikaning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.
Xususan, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun – ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Bu borada, ayniqsa,bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi Asosiy qonunimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib qo‘yilmoqda.
Majburiy mehnatga chek qo‘yilishi har bir o‘zbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishi natijasida hayot sifati oshadi.
Bu qoidaning Konstitusiyada alohida belgilanishi esa, siyosiy qat’iyatdan ortga qaytilmasligini anglatadi, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni qat’iy mustahkamlaydi hamda bolalarning mehnatning og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni paytda, ushbu konstitusiyaviy norma bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishlariga to‘sqinlik qilmaydi.

52-modda.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

Konstitusiyaga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilayotgani — jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan qadam, deya baholash mumkin. Chunki ta’lim sifatining orqaga ketishi — o‘qituvchining mehnati qadrsiz bo‘lgani bilan bevosita bog‘liq.
Mustaqillikning dastlabki mashaqqatli yillaridan boshlab ijtimoiy soha vakillari, xususan o‘qituvchilarning obro‘si va mavqei sezilarli darajada tushib ketdi. Oylik maoshlari, ish sharoitlari haminqadar bo‘lganining ustiga ularni turli qo‘shimcha yumushlar bilan ham band qilinar edi. Bunday sharoitda ishlaydigan o‘qituvchi sifatli ta’lim berishi mumkinmi?
Ishonch bilan aytishimiz mumkin-ki, bu borada so‘nggi yillarda salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar majburiy mehnatdan– paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishdanxalos qilindi.
Ta’lim dargohlaridagiortiqcha qog‘ozbozlikka ham chek qo‘yildi. Qonunchilikda belgilangan 6ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qat’iyan man qilindi.
Yuksak salohiyatli o‘quvchilarni tayyorlash ma’naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar maktablar tashkil etilib, ta’lim sifatining ilg‘or andozalari qo‘llanilmoqda.
Qog‘ozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarni qo‘lda yozish, har bir dars bo‘yicha har yili qayta-qayta ko‘chiriladigan dars rejalarini qayta yozish va hokazolarga chek qo‘yish uchun “Kundalik” elektron ta’lim platformasi keng joriy qilindi.
Va, eng asosiysi, o‘qituvchilarning oylik maoshlari muttasil oshirib borilmoqda. Umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oy qo‘shimcha 20 foizdan 50 foizgachaustama to‘lanadi. O‘qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi.
Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravargaoshirildi.

Xulosa

Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq o‘qituvchilarni davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga olib keladi.
O‘qituvchilarning obro‘sini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlash kabi vazifalarni Konstitusiyada belgilab qo‘yilishi bolalarimizning sifatli va zamonaviy ta’lim olishiga, kelajakda farovon yashashiga xizmat qiladi.
O‘qituvchilarning aksariyati — byudjetdan maosh oladigan insonlardir. Ularni mahalliy amaldorlar yana tekin xizmatkorga aylantirib qo‘ymasligi uchun ham ushbu norma juda muhim. Konstitusiya orqali ularning maqomi oshirilishi o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiromni va ushbu kasbning qanchalik qadrli ekanini ko‘rsatadi.

20-modda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hamda davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir.
Insonning Konstitusiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Tezislar

Har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabatga kirishar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni, davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquqlarga va majburiyatlarga ega.
Masalan, davlat fuqarolar uchun xavfsizlik, farovonlik, tinchlik va yaxshi hayot kechirish uchun shart-sharoitlar yaratib berish kabi majburiyatlarga ega bo‘lsa, fuqarolar qonunlarga bo‘ysunish, burch va majburiyatlarni bajarish kabi mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Yangi Konstitusiyada ushbu prinsiplar alohida belgilanyapti. Bunda asosiy urg‘u insonning huquq va erkinliklariga qaratilmoqda, shu jumladan, qonunlar insonlar og‘irini yengil qilib, turmush tarzini yaxshi kechishini ta’minlanishi lozim. Bu nima degani?
Masalan, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanadi, deyilyapti. Ya’ni, bunda ham jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi.
Aytaylik, shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi, lekin u davlat ro‘yxatidan o‘tish bosqichlarini qilmasdan yoki ruxsat beruvchi hujjatlarni olmasdan ish boshladi. Bunday holat uchun yaqin yillargacha uning faoliyati tugatilgan yoki to‘xtatib qo‘yilgan. Biroq bugungi kunda unga o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik tushuntiriladi, ruxsat beruvchi yoki lisenziya hujjatini olish uchun muayyan vaqt beriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad ham qonun ustuvorligini ta’minlash, ham bitta tadbirkorni saqlab qolish. Mana shu mutanosiblik prinsipi, mana shu maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lgan chora hisoblanadi.
Yana bir misol. Fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Bu misoldan ko‘rish mumkinki, sud qo‘llagan huquqiy ta’sir chorasi maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib emas.
Shu nuqtai nazardan, ushbu qoida davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishga hamda insonga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, davlat bilan inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi, deb belgilanmoqda. Ya’ni, inson davlat organiga murojaat qilsa-yu, biroq uning ishiga tegishli qonunchilikda qarama-qarshiliklar va noaniqliklar bo‘lganda ish qanday hal etilishi kerak?
Masalan, davlat va fuqaro o‘rtasida qaysidir masalada kelishmovchilik yuz berdi. Agar ushbu masala bo‘yicha qonunchilikda qandaydir noaniqlik bo‘lsa yoki ishni davlat foydasiga ham, fuqaro foydasiga ham hal qilish imkoniyati bor bo‘lsa, albatta fuqaro foydasiga yon bosiladi.

Misol uchun, Soliq kodeksining o‘zida muayyan bir masala yuzasidan turlicha norma belgilangan bo‘lishi yoki tadbirkorlikka oid bitta qonunda boshqa norma, ikkinchi qonunda boshqacha norma belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilinishini xohlaydi. Konstitusiyaga kiritilayotgan norma esa shunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etiladi, degan qat’iy normani mustahkamlamoqda.

Xulosa

Davlat va fuqaro bir biri oldida mas’ul bo‘lmasa ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Fuqarolar o‘z majburiyatlarini sidqidildan bajarsa, qudratli davlat barpo etiladi, o‘z navbatida, davlat majburiyatlarini to‘liq bajarsa aholi farovon yashaydi.
Mazkur norma bilan birinchidan, qonunchilik hujjatlarini qabul qilish va uni amalda qo‘llashda, ikkinchidan, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tashkil etishda inson huquqlari mazmun-mohiyatiga ustuvorlik berish Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari Konstitusiyamizga har qanday vaziyatda dastlab xalqni aybdor deb hisoblashga oid eskicha qarashlarni parchalaydigan yangi norma kiritilmoqda. Ya’ni endilikda davlat bilan yuzaga kelgan qonunchilikdagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal qilinadi, “ishimni mening foydamga hal etib beringlar”, deb talab qilish imkoniyatini yaratiladi.
Ushbu normaning kiritilishi — so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash prinsiplariga to‘la mos keladi. Qonunchilikda yechimi topilmagan har qanday masala fuqaro foydasiga hal etilishi tarixiy qadamdir.

28-modda.

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.
Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Tezislar

Insonning aybdor deb topilishi faqatgina sud orqali to‘liq isbotlanishi shart.
Jamoatchilik orasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan fuqaroni sudning hukmi e’lon qilinmasdan turib, darhol jinoyatchi sifatida baholash holatlari uchrab turadi.
Vaholanki, so‘nggi yillarda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari yuzasidan bir qancha oqlov hukmlari chiqarilmoqda (masalan, mamlakatimiz sudlari tomonidan so‘nggi 5 yilda 4 ming 700 nafardan ortiq fuqaro oqlangan). Ilgari buni tasavvur ham qilish qiyin edi.
Birinchi navbatda fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi bo‘ldi, u jinoyatchi va u qamaladi, deyish noto‘g‘ri. Fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochilganda fuqaroda o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi doim bo‘ladi. Agarda uning aybi isbotlanmasa u albatta ozodlikka chiqadi. Insonni aybdorligi faqatgina sud muhokamasida isbotlansagina va sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi bo‘lsagina, u aybdor bo‘ladi.
Do‘ppi tor kelganda tarozining pallasi inson tomonga tosh bosadi. Ya’ni gumon va shubhalarni isbotlash imkoniyatlari mavjud bo‘lmasa, bu holat barcha gumon va shubhalar gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi foydasiga hisobga o‘tadi.
Jim turish huquqi.
Gumonlanuvchi va ayblanuvchilarni o‘z hohishisiz gapirtirish, o‘z aybini tan oldirishga majburlash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tergov jarayonida jim turish, ya’ni sukut saqlash huquqi Konstitusiya darajasida belgilanmoqda.
Shuningdek, insonlarni boshqa dalillar bo‘lmagan hollarda faqat o‘zining aybiga iqrorligi sababli aybdor deb topish taqiqlanmoqda. Bu esa turli tazyiqlar bilan jinoyatni kimningdir bo‘yniga qo‘yishdan saqlaydi. Ya’ni endi boshqa birorta dalil bo‘lmasa, kimnidir turli bosimlar ostida “shu ishni men qildim” deb tan olishidan foyda yo‘q.
Mahkum ham avvalo inson.
Insonni ozodlikdan mahrum etilgani u va uning yaqin qarindoshlari bilan noinsoniy muomalada bo‘lish, ularning shaxsini kamsitishga yo‘l ochib bermasligi kerak. Mahbuslarga nisbatan jazo turlari qo‘llanilgani ularni jamiyatning umume’tirof etilgan muomala qoidalaridan ham cheklash huquqini bermaydi. Shu sababli, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar va ularning qarindoshlarini kamsitish, ularni asosiy huquqlardan mahrum qilishga sabab bo‘lmaydi.

Xulosa

Aybsizlik prezumpsiyasi konstitusiya bilan mustahkamlanmoqda va insonni jinoyat sodir etganlikda aybdor deb hisoblash faqatgina sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmiga asoslaniladi.
Sudlanayotgan fuqarolarning umuminsoniy huquqlarga rioya etilishi va tergov jarayonlaridagi muhim insonparvar qoidalar joriy etilishi belgilanmoqda.
Shaxsni aybiga iqror qilish emas, balki tergov va sudda aybni ishonchli dalillar bilan isbotlash zarurligi belgilanmoqda.

Kiritildi: 23:32 11.03.2023. O'qildi: 5281 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!