Engil vazn (66 kg gacha) va yengil (70 kg gacha) vazn toifalarida sobiq ikki karra UFC chempioni irlandiyalik Konor Makgregor o‘z vatandoshlarini Irlandiya Konstitusiyasidagi mamlakat prezidenti saylovi haqidagi bandni o‘zgartirishni taklif qiluvchi petisiyaga imzo chekishga chaqirdi.
Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida yozdi.
"Hurmatli vatandoshlar va Irlandiya diasporasi vakillari, sizlarga Irlandiya Prezidentligiga nomzodimni qo‘yish niyatim haqida ma’lum qilishdan mamnunman. Ammo shuni ta’kidlashim kerakki, amaldagi konstitusiyaviy asoslar demokratik ishtirok etish uchun jiddiy to‘siqlar yaratadi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, ovoz berishda qatnashish huquqiga ega bo‘lish uchun nomzod parlamentning 20 nafar a’zosi yoki to‘rtta tuman kengashining qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu tizim nomzodlarning ma’lum darajada siyosiy ta’sirga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa-da, u irlandiyalik saylovchilarning qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish huquqini beixtiyor cheklaydi.
Shuning uchun men nomzodlarni ko‘rsatish jarayonini o‘zgartirishni so‘raydigan petisiya topshirishni taklif qilaman. Maqsadim saylov byulleteniga mening ismim yozilishi.
O‘ylaymanki, Irlandiya fuqarolari ham uyda, ham xorijda prezidentlik byulletenida chiqadigan nomzodlarni erkin tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun men sizni ushbu petisiyani imzolash orqali qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.
Sizning yordamingiz saylov jarayonini yanada keng qamrovli va demokratik qilishga yordam beradi. Bu Irlandiya xalqiga o‘z kelajagini o‘zi belgilash imkoniyatini beradi”, — deyiladi bayonotda.