Kolumbiyada mamlakatning Al-Quds (Quddus) shahridagi elchixonasi ochilganidan so‘ng minglab fuqarolar ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilar hukumatning Isroil va AQSh bilan yaqinlashuviga, shuningdek, yangi prezidentning ichki siyosatiga qarshi norozilik bildirdi.
Kolumbiyada 7 avgust kuni lavozimga kirishgan prezident Abelardo de la Esprielya hukumatiga qarshi ilk yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. «Umummilliy ish tashlash» deb nomlangan aksiyalar Bogota, Medelin, Kali, Manisales, Bukaramanga, Barrankilya va Kukuta shaharlarida tashkil etildi.
Namoyishlarda kasaba uyushmalari, talabalar, o‘qituvchilar, tub xalqlar vakillari, «Tarixiy pakt» so‘l koalisiyasi hamda turli jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.
Norozilikning asosiy sabablaridan biri hukumatning Isroil bilan diplomatik munosabatlarni tiklash va Kolumbiyaning Al-Quds (Quddus) shahridagi elchixonasini ochish haqidagi qarori bo‘ldi. Namoyishchilar Isroilning G‘azodagi urushini qoralab, Bogotaning AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan yaqinlashuviga qarshi chiqdi.
Namoyishchilar Falastin bayroqlarini ko‘tarib, «Biz sizlarning orqa hovlingiz emasmiz» va «AQSh intervensiyachiligiga yo‘q!» degan yozuvlar tushirilgan plakatlarni olib yurishdi. Bogotada ayrim namoyishchilar AQSh bayrog‘ini ham yoqib yubordi.
«Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar hech qachon uzilmasligi kerak edi», — dedi vazir.
De la Esprielya Isroil bilan munosabatlarni tikladi. Uning o‘tmishdoshi Gustavo Petro 2024 yilda G‘azodagi urush sababli Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi. Yangi ma’muriyat, shuningdek, Isroil bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni amalga qayta kiritdi.
Falastin ma’muriyati elchixonaning ochilishini qoralab, bu qadam xalqaro huquqqa putur yetkazishini va Kolumbiyaning Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha avvalgi diplomatik pozisiyasiga zid ekanini bildirdi.
Hujjatda namoyishchilar bilan muloqot qilish ustuvor yondashuv sifatida belgilangan. Biroq zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etayotgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik kuchlarining oldindan majburiy muloqot o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuviga ham ruxsat beriladi.
Muxolifat yangi qoidalar namoyishlarni bostirish uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Kolumbiyaning sobiq prezidenti Gustavo Petro Bogotadagi Bolivar maydonida namoyishchilar oldida nutq so‘zlab, amaldagi davlat rahbarini fuqarolarning norozilik bildirish huquqini cheklashga urinayotganlikda aybladi.
«Xalq taslim bo‘lmaydi, buni tushunib ol. Tiraniyaga aynan shunday qarshilik ko‘rsatiladi. Qadr-qimmat bilan, yana g‘alaba qozonish istagi bilan, qo‘rquvsiz. Hayot — bizning hamrohimiz, o‘lim emas. Xalq taslim bo‘lmaydi», — dedi Petro.
De la Esprielya esa avvalroq tinch namoyishlar fuqarolarning konstitusiyaviy huquqi ekanini ta’kidlagan. Biroq uning aytishicha, bu huquq zo‘ravonlik, mulkka zarar yetkazish va shoshilinch xizmatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilishni qamrab olmaydi.
Xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, namoyishlar davomida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar kelib tushmagan.