Kolumbiyadagi Xose Mariya Kordova nomli aeroportda erkak va ayoldan iborat juftlik mamlakat hududidan 6 ta maymun bolasini yashirincha olib chiqishga uringan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Daily Star nashriga tayanib Report xabar berdi.
Insident 3 may kuni yuz bergan. Xavfsizlik xizmati xodimlari tekshiruv vaqtida maymunlarni ichki kiyim orasida topishgan.
Topilgan jonzotlar orasida ikki dona oq yelkali kapusin va to‘rt dona paxtasimon tamarin mavjud bo‘lib, ular yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiradi. Hayvonlar shoshilinch ravishda Korner yovvoyi tabiat jonivorlarini parvarishlash va baholash markaziga yetkazilib, tibbiy ko‘rik hamda reabilitasiya jarayoni boshlangan.
Kolumbiya rasmiylariga ko‘ra, maymunlarga uyquga soluvchi dori vositalari berilgan bo‘lib, ularda sug‘orilmaslik, ozg‘inlik va zo‘ravonlik alomatlari aniqlangan. Primatlar matoli qoplarga o‘ralgan va oyoq orasida yashirilgan — bu esa ularning holatini yanada og‘irlashtirgan.
Mazkur juftlik Dominikan Respublikasiga yo‘l olayotgan bo‘lgan. Ularning fuqaroligi hozircha oshkor etilmagan. Ularga nisbatan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat, yovvoyi turlar bilan noqonuniy savdo va tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish ayblovlari qo‘yilgan.