Ukraina poytaxti voqealarning har qanday rivojiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kiyev meri Vitaliy Klichko imkoniyati bor poytaxtliklarni shaharni vaqtincha tark etishga, qolganlarni esa oziq-ovqat, suv hamda dori-darmon zaxirasini g‘amlab qo‘yishga chaqirdi. U vaziyat og‘irligi va yanada murakkablashishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Vaziyat nihoyatda og‘ir»
«Shahar aholisiga ochiq aytyapman: vaziyat nihoyatda og‘ir va bu hali eng qiyin palla bo‘lmasligi mumkin. Oziq-ovqat, suv va zarur dori-darmonlar zaxirasini tayyorlab qo‘ying. Shahar tashqarisiga, muqobil energiya va issiqlik manbalari mavjud bo‘lgan joylarga chiqib ketish imkoniga ega bo‘lganlar bu variantni rad etmasinlar», - deb yozdi Klichko Facebook’dagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika sohasidagi murakkab holat hamda Rossiya tomonidan shahar va mamlakatning muhim infratuzilmalariga hujumlar davom etishi ehtimolini inobatga olgan holda, Kiyev voqealarning har qanday rivojiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mer ish beruvchilarni ish grafiklarini moslashtirishga va imkon qadar xodimlarni masofaviy ish tartibiga o‘tkazishga chaqirdi.
Isinish markazlari tashkil etilgan
Klichkoning ma’lum qilishicha, Kiyevda zarurat tug‘ilganda odamlar tunab qolishi mumkin bo‘lgan isinish markazlari tashkil etilgan. Ushbu markazlar ko‘chma qozonxonalar yordamida isitiladi, shuningdek, u yerda oziq-ovqat va gigiyena vositalari ta’minoti ko‘zda tutilgan.
Barcha xizmatlar uzluksiz ishlamoqda
Shahar meri Kiyev shahar ma’muriyatining barcha xizmatlari, shuningdek, kommunal xizmat xodimlari, shifoxonalar va ijtimoiy muassasalar tun-u kun ishlayotganini alohida ta’kidladi.