Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z ofisi rahbari lavozimini Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovga taklif qilganini ma’lum qildi.
U o‘z tanlovini mamlakat xavfsizligi, mamlakat mudofaasini rivojlantirish, shuningdek, muzokaralar jarayoni davom etayotgan vaziyatda diplomatik jihatlarga e’tibor qaratish zarurati bilan izohlagan.
«Men Kirill Budanov bilan uchrashdim va unga Ukraina prezidenti idorasini boshqarishni taklif qildim. Hozir Ukrainaga xavfsizlik masalalariga, mudofaa va xavfsizlik kuchlarini rivojlantirishga, shuningdek, muzokaralarda diplomatik trekka ko‘proq e’tibor qaratish kerak va prezident ofisi birinchi navbatda davlatimizning shunday vazifalarini bajarishga xizmat qiladi», – degan Ukraina prezidenti.
U Budanov bu yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus tajribaga va natijalarga erishish uchun yetarlicha kuchga egaligini ta’kidlagan.
Prezident ofisiga 2025 yil noyabr oyi oxirigacha Andrey Yermak rahbarlik qilgandi. U Ukrainaning barcha atom elektr stansiyalari operatori hisoblangan «Energoatom» atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida iste’foga chiqarildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, prezident ofisining yangi rahbariga Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi hamda boshqa zarur rahbarlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda davlatimiz mudofaasi va rivojlanishining strategik asoslarini yangilash va keyingi qadamlarni belgilash bo‘yicha takliflarni tayyorlab, tasdiqlash uchun taqdim etish vazifasi topshirilgan.
Budanovni prezident ofisining yangi rahbari etib tayinlash to‘g‘risida rasmiy farmon hozircha yo‘q, biroq uning o‘zi allaqachon Zelenskiyning taklifini qabul qilganini ma’lum qildi.
«Ukrainaga xizmat qilishda davom etaman. Prezident ofisi rahbari lavozimini mamlakat oldidagi mas’uliyatning yana bir cho‘qqisi deb bilaman. Ukraina uchun tarixiy lahzada davlatimiz strategik xavfsizligining muhim masalalariga e’tibor qaratish men uchun sharaf va mas’uliyatdir», – deb yozdi Bosh boshqarma boshlig‘i o‘zining telegram-kanalida.
Kirill Budanov 2020 yildan beri Ukraina razvedkasini boshqarib kelmoqda. U mamlakat tarixida harbiy razvedka boshliqlaridan eng mashhuri hisoblanadi.
Agar Budanov prezident ofisi rahbarligiga o‘tsa, Bosh razvedka boshqarmasiga uning o‘rniga Ukraina tashqi razvedka xizmati boshlig‘i Oleg Ivashchenko yangi rahbar bo‘lishi kutilmoqda.