SHAYX SA’DIY rahmatullohi alayhdan
Derlar, uch kishiga g‘iybat ravodir,
To‘rtinchiga o‘tsang, albat, xatodir.
Biri – malomatga loyiq hukmdor,
Undan xalq dilida ko‘rgaysen ozor.
Haloldur naql etmoq o‘shandan xabar,
Toki xalq zolimdan aylasin hazar.
So‘ngra behayoga yopma parda sen,
Chunki o‘zi yirtar u o‘z pardasin.
Uni fosh etishdan tortinma zinhor,
Boshi bilan chohga qular u g‘addor.
Uchinchi – tarozu qiyshiq elidan
Ne bilsang, aytaver yomon fe’lidan.
Forsiydan Mirzo KENJABEK
tarjimasi.
(Yorqinjon Qoriy Fozilov tarjima qilgan
“G‘iybat o‘zi nima” kitobidan)
NASRIY BAYONI: “Uch kishini g‘iybat qilish joiz, deb eshitganman. Bundan o‘tsang, to‘rtinchisi xatodir.
Biri – malomatni yoqtiradigan (malomatga loyiq, zolim) podshohki, undan xalqning diliga ozor yetganini ko‘rasan. Uning haqidagi (yomon) gap va xabarni naql qilib, boshqalarga yetkazish haloldir (durustdir). Shoyadki, xalq undan ehtiyot bo‘lsa. (Xalq undan hazar qilishi uchun uni g‘iybat qilish mumkin).
Ikkinchisi – behayoga parda yopma, ya’ni uning ayblarini yashirmay ayt.Chunki u o‘z pardasini o‘zi yirtgandir. Uning haqida gapirishdan tortinma, zero u gardani bilan chohga tushadi, ya’ni uni g‘iybat qilib, odamlarni uning yomonliklaridan ogohlantiraver.
Uchinchisi – tarozusi qiyshiq, ya’ni tarozudan uruvchi va fe’li noto‘g‘ri kishi. Uning yomon fe’lidan nimani bilsang, hammasini aytaver.
G‘iybatning yomoni
SHAYX SA’DIY rahimahullohning
«Bo‘ston» kitobidan
* * *
Do‘st agar g‘oyibda bo‘lsa, ey neknom,
Undan ikki narsa do‘stlarga harom:
Biri – botil yo‘ldan molini yemoq,
Biri – g‘iybat bilan nomini demoq.
NASRIY BAYONI: “Ey, yaxshi nomli kishi! G‘oyibdagi do‘stning ikki narsasi do‘stlariga harom bo‘ladi. Biri – uning molini botil va nojoiz (yo‘l) bilan yeyishlari, ikkinchisi – uning nomini g‘iybat (yomonlik) bilan eslashlari”.
Manba: azon.uz