BMTning Falastin qochqinlari bo‘yicha agentligi (UNRWA) ma’lum qilishicha, Isroilning bosib olingan Sharqiy Quddusda BMTga qarashli oltita maktabni yopish to‘g‘risidagi farmoyishi 800 ga yaqin falastinlik o‘quvchini ta’lim olish huquqidan mahrum qilishi mumkin.
Isroil hukumati Shu’fat qochqinlar lageridagi maktablarni lisenziya yo‘qligi sababli 8 maygacha yopishni buyurdi. Farmoyishlarga ko‘ra, maktablarga hech kim, jumladan, direktorlar, o‘qituvchilar va boshqa xodimlar kiritilmaydi.
UNRWA’ning X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida: "Ushbu farmoyishlar Isroilning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlarini buzmoqda," deyilgan.
BMT agentligi xabarida: "Shu’fatdagi UNRWA maktablari o‘nlab yillar davomida lagerning ijtimoiy tuzilmasining ajralmas qismi bo‘lib kelgan va bolalarga o‘z uylari yaqinida yuqori sifatli ta’lim olish imkonini bergan," deb ta’kidlangan.
"Kichkina qizlar endi ta’lim olish imkoniyatini yo‘qotsa, shifokor yoki olim bo‘lish orzulari puchga chiqishidan xavotirda."