Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlar yaratish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, biznes sub’ektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Bundan tashqari, katta tadbirkorlikka ham aynan kichik biznesni rivojlantirish orqali erishiladi. Shu ma’noda kichik biznes vakillari iqtisodiyotning lokomotivi sanaladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes sohasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlab o‘tish joizki, mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham yurtimizda ohirgi yillarda katta amaliy ishlar qilindi.
Natijada, bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkorlar paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Joriy yilning boshida kichik biznes toifasiga
kimlar kirishini aniq belgilandi. Endilikda, kichik tadbirkorlarni “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun, mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy qilinadi.
Ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi:
I. “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tajriba orttirgan 500 mingdan ziyod mikro-biznes vakillari bor (jami 1,6 million aholi dasturda qatnashgan).
Endi, 9 ming 400 ta mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududida mikrodan kichik biznesga o‘smoqchi bo‘lgan 3-4 nafar tadbirkorni har oyda Markazlarga bog‘lab beradi.
Markazlar esa:
– tashabbuskorlar biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi;
– o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi;
– yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi;
– tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
II. Hududlardagi Kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investisiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun bir “tadbirkorlik yili”da bankning o‘zi 500 million dollar olib keladi, davlat yana shuncha miqdorda mablag‘ ajratadi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi.
Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1 oktyabrdan ochiladi.
O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.
Loyihani yurgizishda qo‘shimcha resursga ehtiyoji bor korxonalarga, mavjud kreditga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga ruxsat beriladi.
Bunga, yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratiladi.
Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xom-ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari Markazlar tomonidan qoplab beriladi. Dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
III. Kichik biznes markazlari ko‘magida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperasiya aloqalari o‘rnatiladi.
Yangi korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish va mahsulotini realizasiya qilishga Markazlar yordam beradi.
Ushbu korxonalarga davlat xaridlari tizimida o‘źi ishlab chiqargan mahsulotlarni 2 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bilan sotishga ruxsat beriladi.
IV. Kichik biznes markazlarini boshqarishga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Ushbu tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki”ga uĺushdor bo‘lib kirish huquqi beriladi.
Shuningdek, markazlarga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi. Biznes-konsultant, muhandis-texnolog, dizayner, mehmonxona boshqaruvchisi, marketolog, agronom, veterinar, urug‘shunos kabi xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish muddati hozirgi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi.
Ishlashga ruxsatnoma to‘lovi esa, hozirgi 10 million so‘mdan 330 ming so‘mga tushiriladi.
Ularga hududiy mehnat organidan ishga jalb etish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish talab qilinmaydi.
V. Yangi tizimni joriy etish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinadi. Bunda, markaz bilan hamkorlikda kichik
biznes loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar soddalashgan tartibda belgilanadi.
Yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablag‘i uchun o‘tkazib beriladi.
Tadbirkor qancha ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi. Ushbu dasturda istalgan davlat va xususiy banklar ishtirok etishi, o‘zlari ham resurs jalb qilishi mumkin bo‘ladi.
Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi.
Shunda tadbirkorlarda ham, banklarda ham manfaat va raqobat bo‘ladi.
Buning uchun, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporasiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilinadi.
Maqsad – bir yil ichida:
– kamida 150 mingta kichik biznes sub’ektlarini “oyoqqa turg‘izish”;
– kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish;
– sohada 250 ming yangi doimiy ish o‘rinlari yaratish.