Avtomobillarda aniqlangan xavfli kamchiliklar AQSh va Rossiyada ommaviy texnik xizmatga sabab bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiyada umumiy hisobda 380 mingga yaqin avtomobilni chaqirib olishini ma’lum qildi. Chaqirishga sabab — mashinalarda kuzatilgan ishlab chiqarish nuqsonlari bo‘ldi.
AQSh Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil oktyabridan 2024 yil sentyabrigacha ishlab chiqarilgan 201 149 dona Kia Telluride krossoveri qaytarib olinadi. Sababi — kuzov eshiklaridagi tashqi moldingning harakat paytida ajralib chiqishi mumkin. Kompaniya ma’lum qilishicha, bu kamchiliklar kuzov qismining vaqtincha moslamasi yetarlicha mustahkam bo‘lmagani bilan bog‘liq.
Mijozlarga 2025 yil sentyabr oxiridan boshlab rasmiy dilerlik markazlarida xavfsizlik bo‘yicha bepul texnik xizmat ko‘rsatiladi. Maxsus mutaxassislar moldingni yaxshilangan yopishtiruvchi modda va qo‘shimcha mexanik maxkamlagich bilan almashtiradi.
Bundan tashqari, AQShda 2023–2025 yillarda ishlab chiqarilgan 100 mingdan ziyod Kia K5 sedanlari ham qaytarib olinadi. Bu holatda kuzov ustunidagi tashqi bezak elementlari yetarlicha mustahkam o‘rnatilmagani uchun ko‘plab mijozlardan shikoyatlar tushgan.
Ayni paytda Rossiyada ham taxminan 80 mingta Kia Sportage krossoveri texnik xizmatga chaqirilmoqda. Bu servis kompaniyasida HECU (gidravlik nazorat bo‘limi) blokidagi multipredoxranitel almashtirilishi rejalashtirilgan. Bu ommaviy chaqiruvlar Kia kompaniyasining mahsulot xavfsizligi va mijozlar ishonchini ta’minlashga bo‘lgan jiddiy yondashuvini ko‘rsatadi.