Keniyada yuzlab odamlar AQSh va Keniya hukumatlarining Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusini yuqtirgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan amerikaliklar uchun karantin markazi tashkil etish rejasiga qarshi norozilik bildirmoqda.
Namoyishchilar mazkur loyiha mahalliy aholi salomatligi uchun xavf tug‘dirishini ta’kidlab, uni bekor qilishni talab qilmoqda.
Noroziliklar Keniya Oliy sudi karantin markazini tashkil etishni vaqtincha to‘xtatib, xorijiy bemorlarni mamlakatga olib kelishni taqiqlaganidan keyin boshlandi. Sud qarori Keniya Huquq Jamiyati tomonidan kiritilgan da’vo asosida qabul qilindi. Da’voni mahalliy faollar, shifokorlar va inson huquqlari tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq sud qaroriga qaramasdan, Keniya hukumati markazni ishga tushirishga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Aden Duale karantin hududi «barcha uchun mo‘ljallangani»ni aytib, jamoatchilik xavotirlarini yumshatishga urindi.
Shunga qaramay, tanqidchilar mazkur muassasa aynan AQSh fuqarolarini evakuasiya qilish va qabul qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan hamda moliyalashtirilganini ta’kidlamoqda.
Masala bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 2 iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.