Janubiy Karolina gubernatori quruq ob-havo va kuchli shamol tufayli yuzaga kelgan 175 tadan ortiq yong‘in tufayli favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar beradi NBC News.
Janubiy Karolina o‘rmon xo‘jaligi yangilanishiga ko‘ra, Orri okrugida yakshanba kuni yong‘in 1600 akr maydonni yondirib, sakkizta hudud aholisini evakuasiya qilishga majbur qildi.
Shuningdek, yong‘inlar shtat bo‘ylab, jumladan Spartanberg, Yunion, Okoni va Pikkens okruglarida 4200 akrga yaqin maydonni qamrab oldi.
Janubiy Karolina o‘rmon xo‘jaligining 410 ga yaqin xodimi, kamida 128 ta o‘t o‘chirish mashinasi, shuningdek, Janubiy Karolina milliy gvardiyasi askarlari va ikkita «Blackhawk» vertolyoti yong‘inga qarshi kurashmoqda.
Janubiy Karolina Qizil Xoch tashkilotining ma’lum qilishicha, 135 ga yaqin aholi okrug dam olish markazi va cherkovda boshpana topgan.
Shtatdagi vaziyatni qurg‘oqchilik yanada og‘irlashtirmoqda, bu esa erta bahorgacha davom etadi, deya xabar beradi AQSh Iqlimni bashorat qilish markazi.