Bugun 8 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Karol Navroskiy Polsha prezidenti lavozimiga kirishdi

Karol Navroskiy Polsha prezidenti lavozimiga kirishdi

Polsha prezidentligi saylovida g‘alaba qozongan Karol Navroskiy rasman mamlakat prezidenti lavozimiga kirishdi. Uning inaugurasiya marosimi 6 avgust, chorshanba kuni parlamentning quyi palatasi – Seymning umumiy majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimni TVP Info telekanali jonli efirda namoyish etdi, deb xabar berdi TASS.

Konstitusiyaga muvofiq, Navroskiy Milliy majlis – Seym va Senat deputatlari oldida qasamyod qildi.

Inaugurasiyani tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan Seym raisi Shimon Xolovnya Karol Tadeush Navroskiyning Polsha Respublikasi prezidenti lavozimiga Milliy majlis oldida qasamyod qilganini tasdiqladi.

An’anaga ko‘ra, marosimda Seym va Senat deputatlari, hukumat a’zolari (jumladan, bosh vazir Donald Tusk), din arboblari, qurolli kuchlar va turli mamlakatlar diplomatlari ishtirok etdi. Polsha Respublikasining sobiq prezidenti (1990–1995), Nobel mukofoti sohibi Lex Valensa marosimga kelmadi. Biroq tantanali tadbirda Navroskiyga muxolif siyosiy lager vakillari – sobiq prezidentlar Aleksander Kvasnevskiy (1995–2005) va Bronislav Komorovskiy (2010–2015) qatnashdi.

Muxolifatdagi «Qonun va adolat» partiyasining qo‘llab-quvvatlashi bilan nomzodi ilgari surilgan Navroskiy Polshada 18 maydan 1 iyungacha bo‘lib o‘tgan ikki bosqichli prezident saylovida g‘alaba qozondi. Ikkinchi bosqichda uni saylovchilarning 50,89 foizi qo‘llab-quvvatladi.

Polshada prezident saylovlari har besh yilda bir marta o‘tkaziladi. Bir shaxs ushbu oliy lavozimni ketma-ket ikki muddatdan ortiq bajara olmaydi.

Kiritildi: 22:06 06.08.2025. O'qildi: 698 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!