Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

Kapital jalb qilishning yangi markazi: O‘zbekiston va Ozarbayjon

Kapital jalb qilishning yangi markazi: O‘zbekiston va Ozarbayjon

Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan investisiya markazlaridan biriga aylanmoqda. Mintaqada o‘zaro savdo hajmi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar yil sayin barqaror tarzda o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon uchun siyosiy mushtaraklik, logistika va maqsadli kapital jalb etishni birlashtiruvchi yangi investisiya koridori shakllanmoqda. Ushbu koridor Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarib, texnologik va sanoat hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Savdo o‘sishi va institusional asos

Ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga chiqmoqda: 2025 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar soni 2024 yilga nisbatan 20-30 foizga oshdi. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmini “Made in Central Asia” sanoat xablari va ishlab chiqarish zanjirlarini integrasiya qilish orqali 20 milliard dollarga etkazish rejalashtirilmoqda.

Siyosiy qo‘llab-quvvatlash natijasida mazkur jarayonlar barqarorlashmoqda. Hukumatlararo komissiyalar, biznes kengashlar va davlat rahbarlarining muntazam tashriflari uzoq muddatli investisiya kun tartibini shakllantirib, g‘oyalarni aniq loyihalarga aylantirmoqda.

Investisiya oqimlari

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston 120 milliard dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qildi, 2026 yilda esa qo‘shimcha ravishda yana 50 milliard dollar jalb etish rejalashtirilgan. Asosiy yo‘nalishlar — sanoat, qurilish, energetika va qishloq xo‘jaligi. Shu bilan birga, texnologiyalarni o‘zlashtirish va eksport salohiyatiga ega loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro investorlar O‘zbekiston va Ozarbayjonga tobora katta qiziqish bildirmoqda. Masalan, “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, “Citibank” va “JPMorgan” kabi yirik banklar O‘zbekistonni investisiya kiritish uchun istiqbolli bozor sifatida ko‘rmoqda, Ozarbayjondagi infratuzilma loyihalari esa global kapital e’tiborini jalb qilmoqda.

AUIK va qo‘shma tashabbuslarning ahamiyati

Ozarbayjon – O‘zbekiston investisiya kompaniyasi (AUIK) investisiyalarni muvofiqlashtirishning muhim mexanizmlaridan biriga aylanmoqda. Kompaniya, asosan, O‘zbekiston va Ozarbayjon hududidagi uzoq muddatli o‘sish salohiyatiga ega loyihalarga e’tibor qaratmoqda.

Kompaniya strategiyasi barqaror tarmoqlar hamda yuqori texnologik salohiyatga ega yangi sohalarni uyg‘un rivojlantirishga asoslangan. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga sog‘liqni saqlash, logistika, sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, moliyaviy texnologiyalar, IT, ta’lim va energetika kiradi. Kompaniyaning so‘nggi investisiyalariga quyidagilar misol bo‘la oladi:

  • “Engineering+” bilan hamkorlikda ICE+ immersion sovitish texnologiyasi asosida yangi avlod data-markazlari uskunalarini mahalliylashtirish uchun 1,7 million dollar investisiya kiritildi. Loyiha mikrodata-markazlar va sun’iy intellekt vazifalari uchun serverlarni ishlab chiqarishni qamrab oladi. Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilishga mo‘ljallangan.
  • Toshkentdagi “American University of Technology” rivoji uchun “Cintana Education” va “Arizona State University” bilan hamkorlikda 2 million dollar investisiya yo‘naltirildi. Mablag‘lar kampusni modernizasiya qilish va universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadi.
  • O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan chakana savdo tarmoqlaridan biriga 15 million dollar investisiya kiritildi. Ushbu mablag‘lar tarmoqni kengaytirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va samaradorlikni oshirishga yo‘naltiriladi.

Hozirgi vaqtda yana 15 ta istiqbolli loyiha ko‘rib chiqilmoqda.

Logistika — investisiya koridorining asosi

Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi strategik yo‘nalish hisoblanadi. 2025 yil yanvar-sentyabr oylarida Ozarbayjon orqali yuk tashish hajmi 2,65 million tonnaga etib, 6 foizga oshdi. Shu davrda Boku porti orqali konteyner tashuvlari hajmi 40 foizga ko‘paydi.

Ushbu koridor tranzit yo‘nalishlarini takomillashtirish, an’anaviy marshrutlarga qaramlikni kamaytirish va Yevropa Ittifoqi, Xitoy hamda Janubiy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini bermoqda. Bu esa mintaqani xalqaro kapital uchun yanada jozibador qilib, yangi tarmoqlar rivojini rag‘batlantirmoqda.

Kapital harakati istiqbollari

2030 yilga borib O‘zbekiston – Ozarbayjon tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga etkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, “yashil” energetika, sanoat va logistika sohalaridagi investisiya portfeli kengaymoqda. Koridor eksport salohiyatiga ega texnologik loyihalar uchun strategik platformaga aylanib bormoqda.

Istiqbollarni amalga oshirishda muhim qadamlardan biri — ikki davlat korxonalari va biznes tuzilmalari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar uchun 10 milliard dollarlik investisiya paketini shakllantirishdir. Ushbu paket sanoat, infratuzilma va texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun amaliy mexanizm vazifasini bajarib, texnologiyalarni o‘zlashtirish va eksport salohiyatini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 14:20. O'qildi: 251 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!