Bugun 30 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

Kanadada tariflar urushi: biznesga eng katta tahdid – noaniqlik

Kanadada tariflar urushi: biznesga eng katta tahdid – noaniqlik

Kanada va AQSh o‘rtasidagi tariflar urushi kanadalik tadbirkorlarni qiyin ahvolga solmoqda. Qaysi yo‘nalishda harakat qilish kerakligini bilmaslik kichik biznes uchun halokatli bo‘layotgani aytilmoqda. Ular aniq qoidalar va barqaror bozor muhitini talab qilmoqda.

Kanadada kichik va o‘rta biznes vakillari AQSh bilan davom etayotgan tariflar urushida asosiy muammo sifatida noaniqlikni qayd etmoqda. Toronto shahri yaqinida joylashgan Taurus Craco kompaniyasi rahbari Ues Lave fikricha, biznesda aniq reja yo‘qligi faoliyat uchun eng yirik xatardir. Ularning kompaniyasi AQShga import qilinadigan uskunalar uchun keskin tariflar ortidan katta mablag‘ to‘lashga majbur bo‘lgan.

2025 yil boshidan buyon AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada mahsulotlariga bir necha bor tariflar joriy qilgan, so‘ng ularni vaqtincha to‘xtatgan, keyin yana qayta joriy qilgan. Bu holat kanadalik tadbirkorlarning ishonchini so‘ndiradi. Trampning so‘nggi bayonotida Kanada bilan barcha savdo muzokaralarini to‘xtatishini e’lon qilgani vaziyatni yanada chigallashtirdi.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni bu tariflarni «adolatsiz» deb atab, AQShga nisbatan javob tarifi joriy qilish bilan tahdid qilgan. Bu orqali Kanada o‘z manfaatlarini himoya qilmoqchi. Kanadalik tadbirkorlar esa faqat bir narsani istashmoqda: aniq qoidalar va barqarorlik.

Kanada Savdo palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda eksportyorlarning 56 foizi tariflarning ta’sirini kamaytirish uchun choralar ko‘rmoqda. Ulardan 30 foizi yirik investisiyalarni kechiktirgan, 25 foizi esa AQShdan tashqari mijoz izlashga harakat qilmoqda. Bu davrda AQShga eksport 15 foizga pasaygan, ayniqsa, metall va avtomobil eksportlari keskin kamaygan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi ham noaniqlikdan jabr ko‘rmoqda. ElevatIQ konsalting kompaniyasi rahbari Sem Guptaning aytishicha, bu sohaning bozordagi o‘rni deyarli nazar-pisand qilinmayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning xizmatlariga bo‘lgan so‘rovlar 50 foizga kamaygan. Uning ta’kidlashicha, bizneslar hozircha katta investisiya qilishdan bosh tortayotgani kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, tadbirkorlar hozirgi og‘ir sharoitlarga qaramay, o‘z faoliyatlarini davom ettirishga harakat qilmoqda. Ues Lave «biz qoidalarga amal qilishga tayyormiz, faqat ularni o‘yin davomida o‘zgartirishmasin», deb ta’kidladi.

Kiritildi: 19:24 28.06.2025. O'qildi: 396 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!