Bugun 26 oktyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Kambag‘al oilalarga foizsiz ssuda (qarz) ajratiladi

Kambag‘al oilalarga foizsiz ssuda (qarz) ajratiladi

Prezidentning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

▪️o‘n kun muddatda har bir tuman va shaharning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida tadbirkorlikning rivojlanishiga turtki beruvchi 5 tadan «drayver» loyihalar ro‘yxatini tasdiqlanadi va ularga zarur infratuzilmani yaratish uchun Davlat byudjetidan 2024-2025 yillarda 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi;

▪️oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, «Biznesga birinchi qadam» dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trillion so‘m, 2025 yilda 15 trillion so‘m kreditlar ajratiladi;

▪️10 kun muddatda subsidiyalar turlarini maqbullashtirish va mazkur maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hajmini kamaytirmagan holda kambag‘al oilalarga foizsiz ssuda ajratish tartibi bo‘yicha takliflar kiritiladi;

▪️mahallalarda kambag‘al oilani aniqlash, uni Kambag‘al oilalar reestriga kiritish, kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan choralarni ko‘rish, reestrdan chiqarish jarayonlari «mahalla yettiligi» tomonidan hamkorlik asosida amalga oshiriladi;

▪️kambag‘al oilalarga — daromadli mehnat faoliyati bilan band qilish va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘nalishida hokim yordamchisi, ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlarida — ijtimoiy xodim hamrohlik qiladi;

▪️50 ming gektar yer maydonini kambag‘al oilalarga 30 yilgacha ijaraga beriladi. Yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolarini «mahalla yettiligi»ning tavsiyasi bilan kambag‘al oilalar o‘rtasida o‘tkaziladi va yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

▪️AT «Xalq banki», «Mikrokreditbank» ATB biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida:

➖ kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratadi;

➖ tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.

➖ ular har oyda ikki marta o‘ziga biriktirilgan oilalar bilan uchrashib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada belgilangan choralar amalga oshirilishini tahlil qiladi, yuzaga kelgan muammolarni aniqlaydi hamda ularni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.

➖ ular har oyda bir marta o‘ziga biriktirilgan mahallalarga borib, chora-tadbirlarda belgilangan vazifalar amalga oshirilishini tahlil qilib, yuzaga kelgan muammolarni aniqlaydi va ularni joyida bartaraf etish choralarini ko‘radi.

▪️2024-2025 yillarda respublika darajasidagi davlat idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari eng og‘ir ahvoldagi 1 000 ta mahallaga biriktiriladi.

▪️Kambag‘al oilalar va mahallalarga biriktirilgan rahbarlarga zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida tegishli tashkilotning foydasi va byudjetdan tashqari mablag‘laridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda ko‘mak ko‘rsatish faqat kambag‘al oilalar o‘z daromadini oshirishi, farzandlarining ta’lim olishi va oila a’zolarining sog‘lig‘ini tiklashi va yashash sharoitini yaxshilashi bilan bog‘liq boshqa majburiyatlarni bajargan taqdirda amalga oshiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish taqiqlanadi.

Kiritildi: 22:36 25.10.2024. O'qildi: 230 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!