AQShning Kaliforniya shtati saylovchilari milliarderlarning umumiy boyligiga 5 foiz miqdorida bir martalik soliq joriy etish taklifini qo‘llab-quvvatlamadi. Bu qaror texnologiya sohasi vakillari hamda yirik sarmoyadorlar tomonidan olib borilgan qarshi kampaniya fonida qabul qilindi.
France 24 va Associated Press xabarlariga ko‘ra, «40-taklif» deb nomlangan tashabbus Kaliforniyada boyligi 1 milliard dollardan oshadigan shaxslarga bir martalik soliq solishni nazarda tutgan. Undan tushadigan mablag‘larning asosiy qismini sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga, qolganini esa ta’lim va oziq-ovqat yordami dasturlariga yo‘naltirish rejalashtirilgan edi.
Taklifning rad etilishi boylarning mol-mulkiga soliq solish tarafdori bo‘lgan siyosiy kuchlar uchun jiddiy to‘siq bo‘ldi. Unga qarshi kampaniyaga texnologiya sohasidagi yirik rahbarlar yuzlab million dollar sarflagan.
Tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganlar soliq tushumlari federal sog‘liqni saqlash mablag‘larining qisqarishi oqibatlarini yumshatishga yordam berishini ta’kidlagan. Qarshilar esa yangi soliq boy sarmoyadorlar va tadbirkorlarni shtatni tark etishga undashi, bu esa iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, saylovchilar taklifni rad etgan.