Kaliforniya gubernatori Los-Anjelesga Milliy gvardiyani yuborgani uchun Tramp ma’muriyatini sudga berishini ma’lum qildi.
"Bu aynan Donald Tramp istagan narsa edi. U Milliy gvardiyani federal asosda qo‘llash uchun noqonuniy harakat qildi. Tramp imzolagan buyruq birgina Kaliforniyaga emas, barcha shtatlarga taalluqli. Bu unga istalgan shtatga kirib, xuddi shu ishni qilish imkonini beradi. Biz uni sudga bermoqchimiz", — deb yozdi gubernator Gevin Nyusom X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq Nyusom Trampning Milliy gvardiyani Los-Anjelesga yuborish qarorini “noqonuniy” va “axloqqa zid” deb atagandi.
Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomo esa Nyu-York shahri keyingi nishonga aylanishi mumkinligini aytdi.
"Menimcha, vaziyat yanada og‘irlashadi va navbat Nyu-Yorkka keladi", — dedi Kuomo Bloomberg'ga bergan intervyusida.
Kuomoning fikricha, Trampning Kaliforniya gubernatori roziligisiz Los-Anjelesga Milliy gvardiyani yuborish qarori prezident tomonidan ataylab tartibsizlik va to‘polonlar yaratishga qaratilgan siyosiy harakat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Los-Anjelesda immigrasiya xizmatining reydlaridan so‘ng ommaviy noroziliklar boshlangandi. Shaharda polisiya bilan to‘qnashuvlar, avtomobillarni yoqish, talon-taroj va ommaviy hibsga olishlar sodir bo‘lgan.
Tramp shaharga 2000 nafar Milliy gvardiyachini yuborgan, bu esa siyosiy janjalga va norozilik namoyishining yanada keskin tus olishiga sabab bo‘ldi.