Bugun 2 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

JSST tuberkulyozni aniqlash va davolash bo‘yicha yangi tavsiyalarni e’lon qildi

JSST tuberkulyozni aniqlash va davolash bo‘yicha yangi tavsiyalarni e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sil kasalligini erta bosqichda aniqlash va zamonaviy muolaja usullari yordamida samarali davolash bo‘yicha yangi tavsiyalarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, OIV tashxisi qo‘yilgan bemorlar, homilador ayollar, tuberkulyozga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar, tibbiyot xodimlari, mahbuslar, mazkur kasallik keng tarqalgan malakatlardan kelgan muhojirlar hamda giyohvand moddalar iste’mol qiluvchi kishilar yuqori xavf guruhiga mansub, deb hisoblanadi.

Ana shu qatlam sil kasalligini aniqlash bo‘yicha tegishli tekshiruvlardan o‘tib turishi va tuberkulyozga qarshi profilaktik davolanish kursini olishi lozim.

Shuningdek, JSST ko‘rsatmalarida yuqori texnologik diagnostika texnologiyalari cheklangan hududlar va sharoitda simptomlarga ko‘ra tashxislash usullari asosiy element bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, tashkilot bemorlar guruhi va mavjud resurslarga ko‘ra, ko‘krak qafasi rentgenografiyasi hamda molekulyar diagnostika kabi ilg‘or tekshiruv usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Latent (yashirin) tuberkulyozni aniqlash uchun esa tuberkulin teri sinamalari (TST) yoki interferon-γ (IGRA) tahlilini qo‘llashni tavsiya qiladi.

O‘z navbatida, ilg‘or tashxislash usuli — bolalar va immuniteti zaif odamlarda infeksiyani aniqlashda samarali bo‘lgan Mycobacterium tuberculosis (TBST) antigeniga asoslangan teri sinamlari ham keltirib o‘tiladi.

Yangi ko‘rsatmaning o‘ziga xos jihati, unga qisqa muddatli profilaktik davolash kurslarining kiritilishi bo‘ldi. Chunki 6 yoki 9 oy davomida har kuni izoniazid preparatini qabul qilish uzoq yillar standart profilaktik muolaja kursi bo‘lib keldi.

Ushbu sxema amaliyotda yaxshi natija berib kelayotgan bo‘lsa-da, davomiylik uzoqligi ko‘p hollarda bemorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani sir emas. Shu sababli JSST quyidagi muqobil davolanish kurslarini taklif qiladi. Xususan:

3 oy davomida haftalik rifapentin va izoniazid kursi (3HP);

4 oy davomida kunlik rifampisin kursi;

1 oy davomida kunlik rifapentin va izoniazid kombinasion kursi (1HP).

Tuberkulyozning ko‘p miqdordagi dori-darmonlarga yoki rifampisinga chidamli turiga moyil kishilar uchun 6 oy mobaynida har kuni levofloksasin qabul qilish tavsiya etiladi.

Kiritildi: Bugun 11:35. O'qildi: 243 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!