Bugun 23 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

JSST Hindistonda yo‘talga qarshi zaharli siroplar tarqalganidan ogohlantirdi

JSST Hindistonda yo‘talga qarshi zaharli siroplar tarqalganidan ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda shamollash va yo‘talga qarshi sifatsiz siroplar partiyalari aniqlangani haqida ogohlantirdi.

Gap Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma tomonidan ishlab chiqarilgan COLDRIF, Respifresh TR va ReLife siroplarining alohida partiyalari haqida ketmoqda. Ularda dietilenglikol aralashmalari aniqlangan. Uning miqdori ruxsat etilgan me’yordan deyarli 500 baravar ko‘p bo‘lgan

JSST ushbu dorilar jiddiy xavf tug‘dirishini va og‘ir va o‘limga olib keladigan asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi. «Dietilenglikol ichilganda inson organizmiga toksik ta’sir ko‘rsatadi va o‘limga olib kelishi mumkin. Ko‘rsatilgan dorilar xavfli bo‘lib, ularni qabul qilish, ayniqsa, bolalarda, og‘ir zaharlanish yoki o‘limga olib kelishi mumkin», — deyiladi bayonotda.

Siroplar tarkibidagi dietilenglikol miqdori haqida 8 oktyabr kuni Hindiston dori vositalari standartlariga rioya etilishini nazorat qilish markaziy tashkiloti (CDSCO) ma’lum qilgandi. Bundan bir hafta oldin JSST Hindistonda o‘tkir kasalliklarning mahalliy o‘choqlari va bolalar o‘limi holatlari aniqlangani haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratgan. CDSCO ma’lumotlariga ko‘ra, kasallangan bolalar aynan mana shu sifatsiz siroplarni qabul qilgan.

CDSCO Hindiston hukumati ushbu dorilarni ishlab chiqaradigan kompaniyalarni zudlik bilan ishlab chiqarishni to‘xtatishga buyruq berganini va ularga ro‘yxatdan o‘tish guvohnomalarining amal qilishini to‘xtatganini tasdiqlagan.

Bugungi kunda Hindistonning Madxya-Pradesh va Rajastxan shtatlarida ushbu siroplarni iste’mol qilgan kamida 20 nafar bola vafot etgani ma’lum. Madxya-Pradeshdagi o‘lim holatlarining aksariyati COLDRIF siropi tufayli besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida sodir bo‘lgan, deb yozdi BBC News.

«CDSCO JSSTga kontaminasiyalangan preparatlar Hindistondan tashqariga olib chiqilmagani va hozirda ularning mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishi alomatlari yo‘qligini ma’lum qildi», — deyiladi JSST bayonotida.

Shunga qaramay, tashkilot bunday dori-darmonlar tartibga solinmagan savdo kanallari orqali boshqa mamlakatlarga o‘tishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va mahsulot muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirishni tavsiya qildi.

Kiritildi: 22:47 15.10.2025. O'qildi: 840 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!