Odatda tovarlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tish uchun turli usul va nayranglar qo‘llaniladi. Ammo, insonni o‘zini o‘zi ma’nan tahqirlashiga olib keluvchi usullarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Toshkent xalqaro aeroportida Istanbulga parvozi oldidan 2 nafar yo‘lovchining bezovtalanishi bejiz emas ekan. “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik davomida, shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zidan “jonli konteyner” sifatida foydalanishga uringan ayollardan biri 252 gr. og‘irlikdagi, ikkinchisi esa 158 gr. og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarni jinsiy a’zolariga yashirgan holda, olib chiqishga urinishgani fosh bo‘ldi.
Faqatgina shu emas - ularning qo‘l sumkalarida ham bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 64 gr. og‘irlikdagi zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur zargarlik buyumlarining jami qiymati 720 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
O‘z salomatligini bu zaylda jiddiy xavfga qo‘yish ayollar uchun og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin. Chunki, zargarlik buyumlarining qirralari ichki a’zolarni shikastlashi orqali ichki qon ketishi, organimzga infeksiya tushishi kabi ko‘nglisiz holatlar ham sodir bo‘lishi mumkin edi.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza – yo‘lovchilar zargarlik buyumlari o‘zlariga tegishli emasligi haqida ma’lum qilishgan. U holda salkam 60 ming AQSh dollari qiymatidagi zargarlik buyumlarining haqiqiy egalari oldidagi qarzni endi qanday uzishadi?
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.