Jizzax viloyatida Cobalt yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan 13 va 4 yoshli opa-singillarni urib ketdi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 18 noyabr kuni soat 19:30 larda Baxmal tumani hududidan o‘tgan “G‘allaorol-Baxmal-Supa-Zomin” 4R-41 yo‘lining 29-kilometrida sodir bo‘lgan. Baxmal tumani “Qutlug‘obod” MFY Kaltatoy qishlog‘ida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan A.O. Cobalt rusumli avtoulovini O‘smat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodalar, 2011 yilda tug‘ilgan I.M. va uning singlisi 2020 yilda tug‘ilgan I.K.larni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Oqibatda opa-singillar turli tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan gumonlanuvchi O.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-modda (Xavf ostida qoldirish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U hozirda ushlangan va vaqtincha saqlash hibsxonaga joylashtirilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.