Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘iga muvofiq, endilikda fuqarolar tomonidan to‘langan daromad, mol-mulk va yer soliqlari hamda ushbu mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan davlat xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, ochiq byudjet portalida (openbudget.uz) jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshirilgan xarajatlarni ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi. Hozirda ushbu funksiya to‘liq ishga tushmagan, ammo tez orada portalga OneID orqali kirib, bu ma’lumotlarni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Prezident qarori bilan 2026 yil 1 yanvardan mazkur tizim ishga tushirilishi belgilangan edi. Mart oyi oxiriga kelib ham Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorning ushbu bandi ijrosini to‘liq bajarmadi.