So‘nggi pushaymon - o‘zingga dushman, deyishadi. Lekin bu gapning mohiyati har doim ham o‘z vaqtida anglab yetilmaydi. Jinoyatning ham, jinoyatchining ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Uyiga kadastr xodimi sifatida kirib kelgan bosqinchining qo‘lidan N.Qodirovani baxtli tasodif qutqarib qoldi. Bu bosqinchi kim edi, uni bunday qabihlikka qo‘l urishiga nima sabab bo‘ldi?
"Olmoqning bermog‘i bor..."
Moddiy tomondan qiynalib qolgan R.Abdushukurov (ism-shariflar o‘zgartirilgan)o‘ylab o‘tirmay, o‘rtoqlaridan, tanish-bilishlaridan qarz ko‘tardi. Olgan pullarini ehtiyojlari uchun sarfladi. U pul olayotganda, shuncha qarzni qanday qaytarish haqida o‘ylab o‘tirmadi, tobora qarz botqog‘ig‘a botib boraverdi. "Olmoqning bermog‘i bor...", deganlaridek, pul olgan odamlari qarzni qaytarishni so‘rashganda, bosqinchilikni bu muammodan qutulishning yagona yo‘li, deb hisobladi, jinoyat ko‘chasiga qadam qo‘ydi...
"Jinoyat qilishga do‘stim undadi..."
Sud majlijisida sudlanuvchi R.Abdushukurov e’lon qilingan ayblovlarga to‘liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi.
–Moddiy tomondan qiynalib qolganim sababli tanish-bilishlarimdan kattagina miqdorda qarz bo‘lib qoldim. Ular qarzni talab qila boshlashdi, men esa pulim yo‘qligi uchun nima qilishni bilmadi. Bir kuni tanishim SH.Sharipovni uchratib qoldim. Unga vaziyatni tushuntirib, pul berib turishni iltimos qildim. Biroq u puli yo‘qligini aytdi. Men undan qayerdan pul topish mumkinligini so‘radim. Shunda u Chilonzor tumanida yashovchi tanishi O‘.Safarovning uyida har doim katta miqdorda pul bo‘lishini ma’lum qildi. Uning uyiga kirib, bosqinchilik yo‘li bilan pullarga egalik qilsam, 40 foizi unga, 60 foizi menga bo‘lishini aytdi. Uning bu taklifiga rozi bo‘ldim, chunki buni muammoni bartaraf etishning yagona yo‘li, deb o‘yladim. Shundan keyin SH.Sharipov menga O‘.Safarovning uyi qayerdaligini ko‘rsatdi. Dorixonadan niqob bilan qo‘lqop sotib oldim va kechki soat 18:00 larda O‘.Safarovning xonadoni eshigi qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Ichkaridan ayol kishining ovozi eshitildi. Men o‘zimni kadastr xizmati xodimi, deb tanishtirdim, xonadonlarni tekshirib yuribman, dedim. Biroq ayol "Uyda turmush o‘rtog‘im yo‘q, eshikni ocholmayman", deb javob berdi. Men yana eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim, "Balkonni ko‘zdan kechirmasam, bo‘lmaydi, hech bo‘lmasa eringizning telefon raqamini bering, o‘zi bilan gaplashaman", dedim. Erining telefon raqamini berish uchun ayol – N.Qodirova eshikni ochganda, uyga bostirib kirdim. U qo‘rqqanidan dodlab yubordi. Men ayolning og‘zini qo‘lim bilan berkitib, oshxona pichog‘ini teskari tomoni bilan bo‘yniga tiradim. N.Qodirovadan pul berishni talab qildim. Agar aytganimni qilsa, joni omon qolishini aytdim. U rozi bo‘lib, boshini qimirlatdi. Men uni qo‘yib yubormoqchi bo‘lganimda, yana baqirishni boshladi. Shu payt uyga notanish erkak kirib kelib, meni ushlamoqchi bo‘ldi. Men esa uning qo‘lidan qutulib, ko‘chaga qochdim. Yo‘lda ketayotganimda SH.Sharipovga qo‘ng‘iroq qildim. U bilan ko‘rishib, bo‘lgan voqeani aytib berdim. Qo‘limdagi oshxona pichog‘ini "Oqtepa" mavzesi yaqinidan oqib o‘tuvchi anhorga tashladik. Keyinchalik qilmishimdan pushaymon bo‘lib, o‘zim ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildim. Meni bu jinoyatni sodir etishga SH.Sharipov undadi...
"Bunda mening aybim yo‘q..."
Sudda ko‘rsatma bergan xonadon egasi O‘.Safarov bir paytlar SH.Sharipov uning do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlaganini, savdodan tushgan pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborganiga uni ishdan bo‘shatib yuborganligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, xotini N.Qodirovani qo‘shnisi Q.Ravshanov bosqinchining qo‘lidan qutqarib qolgan. Buni sudda jabrlanuvchi N.Qodirova va Q.Ravshanovlar ham tasdiqlashdi. Sudlanuvchi SH.Sharipov esa, aybini tan olmaslikka, suvdan quruq chiqishga harakat qildi. U go‘yoki R.Abdushukurovni bosqinchilik qilishga undamagan, faqatgina O‘.Safarovning uyida pul borligini aytgan, R.Abdushukurov bilan jinoiy til biriktirmagan.Biroq sud uning bu xatti-harakatini javobgarlikdan qochish va unga tayinlanishi mumkin bo‘lgan muqarrar jazodan qutulib, aybini yengillashtirish maqsadida qilingan harakatlar, deb baholadi.
Hukm o‘qildi
Sudlanuvchilar R.Abdushukurov va SH.Sharipovlar O‘z.R.JKning 164-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildilar. Ularning har biriga 10 (o‘n) yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi D.Dadaxanova bilan hamkorlikda Lola SHOIMOVA tayyorladi