Mustaqillikdan so‘ng mamlakatimiz bo‘ylab har sohani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, inson huquq va erkinliklarining har tomonlama himoya qilinishini ta’minlovchi sud hokimiyatining shakllantirilishiga doir sa’y-harakatlar, jinoyat va jinoyat prosessual qonunchiligining liberallashtirilishi, sud-huquq tizimining yanada demokratlashtirilishi bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning e’tiborini tortib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida aks ettirilgan prinsiplarga muvofiq jinoiy jazo tizimi va sud ishlarini yuritish bosqichma-bosqich liberallashtirildi, umumiy yurisdiksiya sudlari ixtisoslashtirildi, ishlarni ko‘rib chiqishning apellyasiya tartibi joriy etildi, yarashuv instituti kiritildi, o‘lim jazosi bekor qilinib, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etildi, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazildi, advokatura sohasida o‘tkazilgan islohotlar jinoyat ishlarini yuritishda prokuror va advokatning tengligini, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvning barcha bosqichlarida o‘zaro tortishuvning amalda ta’minlanishiga xizmat qildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atish, ish yuzasidan ayblov xulosasini o‘qib eshittirish singari huquqlarning sudlar vakolatidan chiqarilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar jinoyat-prosessual qonuniga kiritildi. Bayon etilgan fikrlar jinoyat ishini yuritishda tergov organlari va sudlarning insonga, uning huquq va erkinliklariga munosabati tubdan o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar amalga oshirib kelayotgan ishlarning tahlili ularning vaqtinchalik tadbirlar emasligidan, balki qonun talablariga mos ravishda doimiy xususiyatga ega bo‘lishidan dalolat bermoqda. Bu esa jinoyat prosessining tobora insonparvar tus olib borishi haqida xulosa chiqarishga imkon bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 44-moddasiga ko‘ra: “Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”. Mazkur huquqni amalga oshirish shakllaridan biri – jinoyat ishi bo‘yicha jinoyatlarni tergov qilishda va sud muhokamasida fuqaroviy da’voni qo‘zg‘atish imkoniyatining mavjudligidir.
Shu bilan birga sodir etilgan jinoyat nafaqat qonun bilan qo‘riqlanadigan munosabatlarga, shu jumladan, inson manfaatlariga ham ma’lum darajada zarar yetkazadi. Zarar moddiy, jismoniy yoki ma’naviy shakllarda namoyon bo‘ladi. Umume’tirof etilgan prinsiplarga asosan yetkazilgan zarar qoplanishi yoki bartaraf etilishi lozim.
Konstitusiyamizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat organlari faoliyatining asosiy vazifalari sifatida qayd etilgan.
Jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida yetkazilgan zarar o‘z xususiyatiga ko‘ra, moddiy, jismoniy yoki ma’naviy shakllarda bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi JPKning 82-moddasiga asosan jinoyat tufayli yetkazilgan zararning xususiyati va miqdori jinoyat ishida isbotlanishi lozim bo‘lgan holat va ayblash uchun asos hisoblanadi. Jinoiy qilmish tufayli yetkazilgan zararli oqibatlar o‘z navbatida jinoyatning yuridik kvalifikasiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Jinoyat tufayli moddiy zarar yetkazilishi mulkiy va nomulkiy zararning mavjudligini bildiradi. Demak, jinoyat tufayli mulkiy (moddiy) zarar yoki jinoyat oqibatida nomoddiy shaklda zarar yetkazish mumkin. Bunda nomoddiy oqibatlar (ma’naviy yoki jismoniy aziyat chekishlar)ni ularning butun og‘irligi yoki ijtimoiy xavfligigiga qaramasdan, pul bilan o‘lchashning imkoniyati bo‘lganidek, moddiy oqibatlar, avvalambor, moddiy ob’ektlarga (predmetga) jinoiy tajovuz qilish orqali yetkazilgan mulkiy zarar son va miqdor xususiyatlariga ega bo‘lishi bilan o‘z ifodasini topadi va shunga mos ravishda uni pul bilan o‘lchash, ya’ni mulkiy zararni qoplash mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016 yil 27 dekabrdagi “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 26-sonli Qarorida ta’kidlanishicha, shuni nazarda tutish lozimki, shaxsning unga yetkazilgan zararni (ya’ni mulkiy ziyonni) qoplashga bo‘lgan huquqi, shuningdek, ziyon uchun moddiy javobgarlikning umumiy asoslari Fuqarolik kodeksida (14-moddasi, 57-bobi) belgilangan.
Chunonchi, FK 14-moddasiga ko‘ra, zarar deganda, quyidagilar tushuniladi:
huquqi buzilgan shaxs o‘zining buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar)
shaxs o‘z huquqlari buzilmaganda odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda).
Har bir sodir etilgan jinoyat inson manfaatlariga muayyan darajada mulkiy ziyon yetkazadi. Shunga asosan jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyon jismoniy, ma’naviy yoki moddiy (mulkiy) ziyon shaklida ifodalanadi. O‘z mohiyatiga ko‘ra, shaxsga yetkazilgan mulkiy ziyon undirilishi lozim. Jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy ziyon O‘zbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat-prosessual qonun xujjatlarida o‘z aksini topgan va eng ko‘p tarqalgan ziyon turlaridan biridir, bunday mulkiy ziyonni undirish esa jinoyat prosessida fuqaroviy da’vo ko‘rinishida amalga oshiriladi va u O‘zbekiston Respublikasi JPK ning 33-bobida bevosita ko‘zda tutilgan.
Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonning miqdori va xususiyatini belgilash jinoyat-prosessual isbotlanib predmetni tashkil etuvchi holatlardan biridir. Hozirgi paytda jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni undirish uchun fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atiladi va ko‘rib chiqiladi. Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash orqali jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarning huquqi va qonuniy manfaatlarning ta’minlashiga erishiladi. Bu esa jinoyat prosessining muhim vaziflaridan biri hisoblanadi.
SH.NUSRATULLAEV,
Surxondaryo viloyati Transportda XTB TG tergovchisi, leytenant