Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Jinlarning ham mo‘minlari, kofirlari bo‘ladimi?

Jinlarning ham mo‘minlari, kofirlari bo‘ladimi?

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

«Ayt: «Menga vahiy qilindiki, albatta, jinlardan bir necha nafari quloq osdilar va dedilar: «Biz ajoyib Qur’onni eshitdik. «U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o‘z Robbimizga hech kimni sherik keltirmasmiz» (Jin surasi, 1-2-oyatlar).

Bu ikki oyatda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, aytishlari kerak bo‘lgan ma’noni ham bayon qiladi, ya’ni vahiy orqali yetti nafar jin u kishining qiroatlariga quloq osgani va qavmlariga borib, «Biz ajoyib Qur’on eshitdik», deb xabar berganlari haqida aytishni buyuradi.

Demak, jinlar Qur’oni Karim tilovatini eshitishlari bilan bu oddiy so‘z emasligini, dunyoda yangi olamshumul voqea ro‘y berganligini fahmlab, bu voqea jinlar hayotida ham katta o‘zgarish bo‘lishiga sabab bo‘lganini darhol tushunib yetganlar.

Ikkinchi oyatda mazkur jinlarning o‘z qavmlariga aytgan gaplari davom etadi:

«U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o‘z Robbimizga hech kimni shirk keltirmasmiz».

Jinlar o‘z aql-farosatlari ila Qur’onni nozil qilgan Alloh ularning Robblari ekani va Unga sherik bo‘lishi mumkin emasligini ham tushunib yetadilar. Mushriklar kabi Allohga shirk keltirmasliklarini ta’kidlaydilar.

 Alloh taolo Jin surasida marhamat qiladi:

«Va albatta, bizdan musulmonlar (bor) va bizdan adashganlar (bor). Kimlar Islomga kirsa, bas, ular haq yo‘lni tanlabdilar. Va ammo adashganlar, bas, jahannamga o‘tin bo‘libdilar» (14-15-oyatlar).

Ushbu ikki oyatda jinlar ichida ham xuddi insonlar kabi musulmonlarining borligi yana bir bor ta’kidlanmoqda. Ularning musulmonlari – to‘g‘ri yo‘lni tanlagan, ya’ni ko‘r-ko‘rona emas, balki tanlash, izlash, o‘rganish, solishtirish oqibatida Islom shubhasiz ilohiy din bo‘lib, o‘ziga ergashganlarni ikki dunyo saodatiga erishtirishiga ishonch hosil qilgandan so‘ng musulmon bo‘lgan jinlardir. Shuningdek, ularning ichida adashgan kofirlari ham bor.

Jinlar ham qiyomat kuni mahshargohga to‘planadilar, amallari hisob-kitob qilinadi va savob yoki azob beriladi.

Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:

 «Ularning hammasini to‘playdigan Kunda: «Ey jinlar jamoasi! Insdan (adashtirganlaringizni) ko‘paytirib yubordingiz?!» (deydi). Ularning insdan bo‘lgan do‘stlari: «Robbimiz, biz bir-birimizdan bahralandik va bizga belgilagan muddatingga yetib keldik», derlar. U Zot: «Turar joyingiz olovdir, unda mangu qoluvchidirsiz. Magar Alloh xohlasa (qolmaysiz)», der. Albatta, Robbing o‘ta hikmatlidir, o‘ta biluvchidir» (128-oyat).

Ushbu oyati karimada ta’rif etilayotgan sahna qiyomat kuni sahnasidir. O‘sha kun oyatda

«Ularning hammasini to‘playdigan kun» deb ta’riflanyapti. Ya’ni Alloh taolo insu jinlarning hammasini jamlaydigan kun. Demak, qiyomat kuni Alloh taolo inslarni – odamlarni jamlaganidek, jinlarni ham jamlaydi. Shunda kofir jinlarga Alloh taolo:

«Ey jinlar jamoasi! Insdan (adashtirganlaringizni) ko‘paytirib yubordingiz?!» (deydi).

Bu gap jinlarga qilgan ishlari haqida xabar berish emas, balki qilgan amallarini tanqid qilish, qoralash uchun aytiladi. Chunki o‘zlarining vasvasasi va ig‘volariga uchgan odam bolalari ko‘p ekanini jinlar yaxshi biladilar. Alloh taolo bu gapni jinlarga aytgan bo‘lsa ham, javobini o‘sha jinlarga ergashgan, ularga valiy-do‘st bo‘lgan odamlar beradi:

«Ularning insdan bo‘lgan do‘stlari: «Robbimiz, biz bir-birimizdan bahralandik va bizga belgilagan muddatingga yetib keldik», derlar».

Demak, jinlar odamlarni yo‘ldan urib, ig‘vo qilib, yomon yo‘lga yurgizib huzur-halovat olgan va rohatlanganlar. Jinlarning fitnasiga uchib, kofir va gunohkor bo‘lgan odamlar esa ularning chiroyli ko‘rsatgan, havoyi nafsni qondiruvchi ishlarini bajarib, huzur qilganlar. Bular irodasi zaif, g‘ofil, havoyi nafsga berilgan, shahvatparast odamlar bo‘lganlar. Shayton ularning ushbu zaif joylaridan tutib, ig‘vosiga uchirgan va o‘ziga malay qilib olib, har ko‘yga solgan, bu dunyoda maqsadlariga erishish yo‘lida ulardan foydalanib, huzur qilgan. Shaytonga malay bo‘lgan insonlar u chiroyli ko‘rsatgan narsalarni o‘ziniki qilib, besh kunlik hayotlarida havoyi nafsini qondirish yo‘lida oshkora va maxfiy gunohlarni ishlab, o‘zlaricha, huzur qilyapmiz, deb yuraverganlar. Ular hayotlarini shunday qilib o‘tkazganlar. Endi esa hamma narsani tushunib yetib:

«...bizga belgilagan muddatingga yetib keldik», deb turibdilar.

Etib kelishgani aniq. Ana endi ulardan har biri – ham insi, ham jini o‘z qilmishiga yarasha adolatli jazosini topadi.

«U Zot: «Turar joyingiz olovdir, unda mangu qoluvchidirsiz. Magar Alloh xohlasa (qolmaysiz)», der».

Bu holning oqibati sizga u dunyoda ham aytilgan edi. Ammo quloq solmadingiz. Mana endi o‘sha aytilgan jazo muqarrar bo‘ldi. Sizning makoningiz olovli do‘zax bo‘ladi. Faqat irodasi cheksiz Alloh boshqa narsani xohlasagina, abadiy bo‘lmasligi mumkin.

«Albatta, Robbing o‘ta hikmatlidir, o‘ta biluvchidir».

Uning har bir ishi hikmatdan xoli emas. U hamma ishini bilim ila qiladi.

Alloh taolo Hud surasida marhamat qiladi:

«Robbingning «Jahannamni, albatta, jinlar va odamlar bilan tamomila to‘ldirurman», degan so‘zi batamom bo‘ldi» (119-oyat).

Manba: islom.uz

Kiritildi: 09:54 21.10.2019. O'qildi: 3045 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!