Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Jin chalishi haqida dinimiz nima deydi?

Jin chalishi haqida dinimiz nima deydi?

Ichiga yovuz ruh kirib olibdi , jin chalibdi , degan gaplar xalq orasida uchrab turadi. Bunday odamlarni esa jinlardan, ularning kasofatidan xalos qilish niyatida turli marosimlar o‘tkazishadi.

Malayziyaning Bukrit Mertajam mintaqasida bunday marosim ayanchli yakun topdi. Ichiga jin kirib olgan, degan gumonda yetti nafar qarindoshi va xizmatkori 3 yashar qizaloqni ko‘rpaga o‘rab, ustiga chiqib olib, jinni chiqarishga intilishadi. 20 soat davomida o‘tkazilgan bu amalda qizaloqning ota-onasi ham qatnashgan. Voqeadan xabar topgan polisiya uyga bostirib kiradi va qizaloqning ustiga 8 kishi chiqib olganiga guvoh bo‘ladi.Ko‘rpa orasidagi qizaloqning esa nafasi bo‘g‘ilib, allaqachon joni uzilgandi...

Yong‘oq daraxtining tagida uxlab bo‘lmaydi...mi?

Xalq orasida yong‘oq, anjir, jiyda daraxtlari bilan bog‘liq turli uydirmalar mavjud. Islomda bu kabi buzuq fikrlar, turli to‘qimalarga ishonish, qalb xastaligi deyiladi. Buni umumlashtirish shumlanish deb ataladi. Shumlanish islomda shirkka tenglashtirilgan gunohdir. Hadisi sharifda quyidagicha bayon qilinadi:

Abdulloh ibn Mas’ud(r.a.)dan rivoyat qilinadi:

Rasululloh (s.a.v.): Shumlanish shirkdir! (bu so‘zlarni uch bora takror aytdilar) Shumlanuvchilar bizdan emasdir, magar, qalbiga beixtiyor kelganlar bundan mustasno. Lekin Alloh (qalbga beixtiyor kelgan xayolni) tavakkul bilan daf qiladi, dedilar. (Imom Abu Dovud rivoyati).

Mo‘min-musulmonlar zararni ham, foydani ham Allohdan deb bilishi va shunday e’tiqod qilishi lozim. Foyda yoki zararni turli daraxtlar va shunga o‘xshash narsalarga bog‘lash durust emas. Inson qalbiga kelgan beixtiyor yomon o‘y-xayollarni Allohga tavakkal qilib davolash va yengish kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: (Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir . (Tag‘obun surasi, 11-oyat)

Inson boshiga musibat kelsa...

Har bir g‘am-anduh, musibatni Yaratganning irodasi bilan bo‘ldi, deya e’tiqod qilish kerak. Ana shunda Alloh odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, qalblariga xotirjamlik soladi.Turli narsalar bilan shumlangan, irim-sirimlarga ishongan kishi gunohkor bo‘ladi. Ajablanarlisi shundaki, irim-sirim, uydirmalar avvaliga insonlar tomonidan o‘ylab chiqilib, so‘ng o‘zlarini vahimaga soladi.

Hadisi sharifda, Rasululloh (s.a.v.): Uch narsadan mening ummatim hanuz qutula olmaydi. Bu hasad, badgumonlik va irimdir. Bulardan qutulish yo‘li shuki, hasad qilsangiz, zulmga o‘tmang; gumonu shubha qilsangiz, buni xaqiqat deb o‘ylab, unga asosan ish tutmang; biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Allohga tavakkul qilib, yo‘lingizda va ishingizda davom etavering! (Abu Ya’lo rivoyati).

Shumlanish sabab, xayrli maqsadlarimiz sari harakat qilishdan to‘xtab qolishimiz bu nodonlikdir.

Jin haydash daromadmi yoki zarurat?

Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Ulardan biri insonlar olami bo‘lsa yana biri jinlar olamidir. Xo‘sh, jin o‘zi nima? U qanday maxluqot?

Mo‘min-musulmonlar jin deb ataluvchi maxluqotning borligiga imon keltiradilar. Ularni oddiy holatlarda ko‘rib bo‘lmaydi. Biz ular haqidagi ma’lumotlarni eng ishonchli manbalar: Qur’oni karim va hadisi shariflardan olamiz. Qur’oni karim nozil bo‘layotgan paytlarda arab qabilalari jinlarga xudolar deb e’tiqod qilishardi. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa yetib boradi, Uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e’tiqodga ham bo‘ysunishgan.

Shuningdek, arablar Jinlar g‘oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turishadi , degan o‘yda edilar. Arablarda jinlarning hukmi yer yuzida o‘tadi, degan xomxayol bo‘lib, agar ulardan birortalari biror joyga borib, yotib qolmoqchi bo‘lsa, Ushbu joyning xo‘jayin jinidan panoh so‘rayman , degan duoni o‘qishardi.

Alloh taolo jinlarni tutunsiz olovdan yaratgan. Ular o‘zlari ko‘rinmay turib, bizlarni va boshqa narsalarni ko‘rishi va turli shakllarga kirishlari ham mumkin. Shuningdek, ular huddi biz kabi iroda va ixtiyorli, ilm va ma’rifatga qobiliyatli, iymon va ibodatga taklif qilingan hamda kufr va isyondan qaytarilgan maxluqotlardir.

Alloh taolo Qur’oni karimda: Jin va insni (insonlarni) faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim (Tur surasi, 56-oyat), deydi.

Demak, jinlar ham insonlar kabi faqatgina Allohga ibodat qilish uchun yaratilgan. Ularning orasida ham insonlar kabi iymonli-iymonsiz, yaxshi-yomon, adashgan va hidoyat topganlari bor. Qiyomat kuni Alloh taolo huddi biz kabi ularni ham hisob-kitob qiladi. Imon keltirib, yaxshi yo‘lda yurganlari jannatga, imonsiz bo‘lib, yomon yo‘lni tanlaganlari do‘zaxga kiradi.

Alloh taolo bizni Odam alayhissalomdan yaratgan. Jinlarning otasi Iblis bo‘ladi. Ular odamzotdan oldin yaratilgan. Ayrim manbalarda odam yaratilishidan oldin yer yuzida yetti ming yil davomida jinlar yashagani aytiladi. Jinlar ham biz kabi oila qurib yashaydi, o‘zlaridan nasl qoldiradi. Yeydi, ichadi va hokazo.

Yuqorida aytilgan har bir so‘zimizga Allohning kalomi Qur’oni karimdan dalillar keltirish mumkin.

Odam jismiga jinlarning ta’siri bormi?

Yuqorida aytilganidek, jinlarning ham imonli yaxshisi, imonsiz yomoni bo‘ladi. Ulamolarimiz imonsiz yomon jinlarning odamlarga ta’siri bo‘lishi mumkin, deb aytadilar. Bunda ko‘pincha, odamlarning o‘zlari aybdor bo‘ladi. Jinlar o‘zlariga ishonadiganlar, vasvasaga uchraganlar, Alloh taoloning zikridan uzoq va Qur’oni karim tilovatida g‘afil bo‘lganlar, jinlardan saqlanish uchun o‘qiladigan duolarni o‘qimay yurganlarga tegishi mumkin. Lekin bu odam jasadiga jin kirib uni turli ko‘ylarga soladi degani emas.

Ayrim insonlar bemor bo‘lib qolsalar, darrov tabiblikni da’vo qiluvchi jinkashlar , azayimxon larga murojaat qilishadi. Ularning fikricha, bir suf deyish bilan yoki tumor qilib berish bilan yohud isitma-sovutma qilib berish bilan, yoki jin haydash bilan butun darddan forig‘ bo‘lisharmish. Achinarlisi shundaki, gohida odamlar farzandlari quloqsiz, axloqsiz bo‘lib ketayotganida ham xuddi shu yo‘lni tutyaptilar. Go‘yo ularning muolajasi dan so‘ng farzandi itoatgo‘y, odob-axloqli bo‘lib qoladigandek. Tasavvur qilib ko‘ring, agar bu amallar haqiqat bo‘lsa, yer yuzida biron bemor qolarmidi, itoatsizlik bitmasmidi? Demak, bunday xatti-harakatlar zarurat emas, mo‘maygina daromaddir. Hatto jinkashlikni o‘zlariga kasb qilib olganlar, xalq orasida falonchi jinkash domla degan nom bilan tanilganlar ham bor.

Dam solish nima?

Dam solish Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimni tilovat qilish va Allohning ismlarini aytish va Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning hadislarida kelgan duolarni o‘qib panoh tilashdir. Undan boshqa narsalarni o‘qib dam solish islom ta’limotiga kirmaydi. Dam solish, bu kasb emas, balki mo‘min bir mo‘min birodari bemor bo‘lib qolsa, uning holidan xabar olish va agar birodari, Qur’on o‘qib dam solib qo‘yishni so‘rasa, shunday qilish va uning haqqiga duo qilish, xolos. Dam solishning eng afzali inson o‘ziga-o‘zi dam solishidir.

Jin kirib olibdi, jin tegibdi, degan tashvishlardan uzoq bo‘lishi uchun inson kundalik ibodatlardan tashqari, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘qib yurgan suralar va duolarni o‘qib yurishi kerak. Jumladan, ertalab bomdod namozidan so‘ng Fotiha , Oyatal kursi , Ixlos , Falaq , Nas suralarini o‘qib yurish turli sehr va ko‘z tegishidan saqlaydi. Shuningdek, kechasi uxlashdan oldin ham xuddi shu suralarni o‘qib o‘ziga-o‘zi dam solib yotish tavsiya etiladi.

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 15:34 20.04.2019. O'qildi: 21744 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!