Bugun 18 avgust, 2025 yil, dushanba

КИР

Jigaringiz sog‘lommi? Buni qanday aniqlash mumkin?

A A A
Jigaringiz sog‘lommi? Buni qanday aniqlash mumkin?

✅ Jigar — organizmning “filtri”. U qonni zararli moddalardan tozalab, tanada vitamin va minerallarni saqlaydi. Shuningdek, yallig‘lanishni nazorat qilib, energiya ishlab chiqaradi.

❓Biroq jigar kasalliklari, odatda, yaqqol belgilarsiz rivojlanadi. Ko‘pincha unga kech bosqichda tashxis qo‘yilishining boisi shunda. Xo‘sh, zamonaviy tibbiyotda bunday patologiyalarni aniqlash uchun qanday tekshiruv usullaridan foydalaniladi?

➡️ Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Erkin Musaboyev shu haqda ma’lumot berdi.

💬 — Jigar bilan bog‘liq patologiyalar doimiy charchoq hissi, og‘izda achchiq ta’m, ko‘ngil aynishi, teri va ko‘z oqining sarg‘ayishi, o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq, peshob va axlat rangi o‘zgarishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi, — deydi mutaxassis. — Bunday holatda quyidagi tashxis usullaridan foydalanish tavsiya etiladi:

1⃣ Dastlab terapevt ko‘rigi zarur. U shikoyatingizni eshitib, holatingizni baholab, zarurat bo‘lsa, gastroenterolog, gepatolog, onkolog, infeksionist kabi tegishli tor soha mutaxassislariga yo‘naltirishi mumkin.

2⃣ Laborator tahlillar talab etiladi. Ularning turini shifokor belgilaydi.

🔬 Masalan, umumiy oqsil ko‘rsatkichlari — jigarning oqsillarni sintez qilish qobiliyatini aks ettiradi. Uning me’yordan ko‘payishi ushbu a’zodagi suvsizlanish, yallig‘lanishdan darak bersa, kamayishi sirroz, gepatit, metastaz, toksik shikastlanish alomatidir.

🧪 Bilirubin — qizil qon tanachalari parchalanganda jigarda hosil bo‘ladigan sariq pigment. Yuqori bilirubin konsentrasiyasi jigar yoki o‘t yo‘llari kasalliklarini ko‘rsatishi mumkin.

🔎 ALT (alaninaminotransferaza) — jigar hujayralari shikastlanganda ajralib chiqadigan ferment. Uning ortishi gepatit, toksik zaharlanish, jigar yog‘li gepatozidan dalolat beradi.

🔎 AST (aspartataminotransferaza) — nafaqat jigar, balki yurak va mushaklar bilan ham bog‘liq ferment. Uning me’yordan oshishi gepatit yoki sirroz belgisi bo‘lishi mumkin.

📊 Albumin me’yorini tekshirish ham jigar yetishmovchiligi yoki sirrozni aniqlashda qo‘l keladi. Bundan tashqari, gepatit sinamalari, AFP va boshqa qator tahlillar ham shu maqsadda qo‘llaniladi.

3⃣ Bemor instrumental usullardagi tekshiruvlarga yo‘naltiriladi. UTT, KT, MRT, elastometriya kabi tashxis turlari shular jumlasidan.

4⃣ Zaruratga ko‘ra, og‘ir holatlar, misol uchun, fibroz, o‘smalar, kamyob kasalliklarda maxsus sinamalar ham olinishi kuzatiladi.

Kiritildi: 22:45 17.08.2025. O'qildi: 1616 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!