Jibuti qirg‘oqlari yaqinida Yaman tomon ketayotgan muhojirlar qayig‘i ag‘darilishi oqibatida kamida 139 kishi, jumladan, 15 nafar bola halok bo‘ldi. Yana 84 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda «Reyter» agentligi BMTning Xalqaro migrasiya tashkiloti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 305 nafar kishini olib ketayotgan qayiq 9 oktyabr kuni kechasi Jibutining Obok port shahri yaqinida ag‘darilgan. Hodisa oqibatida 82 kishi omon qolgan. Ularning barchasi Efiopiya fuqarolari ekani aytilmoqda.
Xalqaro migrasiya tashkilotining Jibutidagi missiyasi rahbari Aleksandr Kuassakning ma’lum qilishicha, tashkilot xodimlari mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda hodisa joyida ishlamoqda va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatmoqda.
Jibuti rasmiylari qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. Omon qolganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, halok bo‘lganlarni dafn etish choralari ko‘rilmoqda.
Muhojirlar Afrika shoxidan Fors ko‘rfazidagi boy mamlakatlarga olib boruvchi Sharqiy yo‘nalish orqali Yamanga yo‘l olgan. «Reyter» qayd etishicha, mintaqadagi, jumladan, Efiopiyadagi qurolli mojarolar ushbu yo‘nalishdagi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Xalqaro migrasiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Sharqiy yo‘nalishda 900 nafardan ortiq muhojir halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Shu davrda mazkur yo‘nalish bo‘yicha safarga chiqqanlar soni 18 foizga oshgan.