Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasining ijrosini ta’minlash borasida sudyalar tomonidan sayyor uchrashuvlar va sayyor sud majlislari o‘tkazib kelinadi. Xususan, kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining sudyasi Abbosxon Shamaxmudov tomonidan “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘inida JKning 105-moddasi 2-qismi “m” bandi bilan ayblash haqidagi jinoyat ishi sayyor sud majlisida ko‘rildi.
Qurilishi bitmagan binoda sudlanuvchi va bir fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqadi. Natijada qo‘lidagi sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan belkurakni sopi bilan fuqaroning yuz qismiga urib tan jarohati yetkazgan.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, fuqaroning tanasida tashqi nafas olish faoliyatini buzilish bilan kechgan burun suyaklarini ochiq holda sinib siljishi, ikkala ko‘z atrofi ter osti gematomalari, burun sohasi shilinmasi va yumshoq to‘qimalar lat yeyishi kabi jarohatlar aniqlangan. Mazkur tan jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, “o‘rtacha og‘ir” tan jarohatlariga kiradi.
Sayyor sudda sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga shu modda bilan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
JKning 62-moddasi tartibida dastlabki qamoqning bir kunini ozodlikni cheklashning bir kuniga tenglashtirib hisoblab, ya’ni dastlabki qamoqda 28 kun bo‘lganini inobatga olib, ushbu muddatni jazoning muddatidan ayirib tashlab, uzul-kesil o‘tash uchun 3 yil 11 oy 2 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ozodlikni cheklash jazosi yashash uyida kechki soat 20:00 dan ertasi kuni ertalab soat 07:00 ga qadar o‘tash belgilandi.
Jabrlanuvchiga ma’naviy ziyonni undirish masalasi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan, sudlanuvchi va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish yoki protest bildirishga haqli ekani tushuntirildi.