Bugun 11 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Jarqo‘rg‘on texnikumida o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan xodim ishdan bo‘shatildi

Jarqo‘rg‘on texnikumida o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan xodim ishdan bo‘shatildi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 2-son texnikumda o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan ishlab chiqarish ta’limi ustasi K. E. Erniyozov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30 sentyabr kuni o‘quvchining otasi ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida holatga huquqiy baho berilgan va sud qaroriga muvofiq tegishli jazo chorasi qo‘llanilgan.

Holat aniqlanganidan so‘ng Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan texnikumda xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish davomida voqea sabablari va mas’ul xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishi ko‘rib chiqilgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari I. Chorshanbeev hamda psixologi YA. Kenjayeva lavozimidan ozod etilgan. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari D. Tilova, ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari B. Umirov va fizika fani o‘qituvchisi G. Turdiyevaga esa hayfsan berilgan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Erniyozov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amaldagi qonunchilik va agentlik direktorining xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash to‘g‘risidagi buyrug‘iga muvofiq bir tomonlama bekor qilingan.

Shuningdek, mamlakatning barcha hududlarida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Kasbiy ta’lim agentligi o‘quvchilarning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligiga tajovuz qiluvchi har qanday xatti-harakatni qoralab, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha nazorat va profilaktika choralari kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Kiritildi: 07:00 10.10.2026. O'qildi: 957 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!