Bugun 9 yanvar, 2025 yil, payshanba

КИР

JARIMA TO‘LANADIMI?

JARIMA TO‘LANADIMI?

— Pasportimni almashtirish muddatini o‘tkazib yuborgan ekanman. Endi uni almashtirish uchun qancha jarima to‘lanadi?
Ismi sir tutildi

Jaloliddin Abbasov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi:
— O‘zbekiston Respublikasida identifikasiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezidentining 2020 yil 22 sentyabrdagi PF-6065-sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikasiya ID-kartasi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.
ID-kartani rasmiylashtirish va berish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq, quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
• ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra-bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
• fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
• O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
• ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
• fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
• ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
• ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
• ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
• ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
Fuqaro ID-kartasi amal qilish muddati tugaganda va tegishli yoshga to‘lgandan so‘ng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va millati o‘zgargandan so‘ng bir oy muddatda ID-karta olish uchun murojaat qilishi lozim.
ID-kartani rasmiylashtirish uchun «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmasligi, uni yaroqsiz holga keltirishi, yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, ID-kartadan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, uni yo‘q qilish, yaroqsiz holatga keltirish yoki yashirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan javobgarlik belgilanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikasiyalovchi ID-kartasiz yoxud haqiqiy bo‘lmagan pasport yoki identifikasiyalovchi ID-karta bilan, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikasiyalovchi ID-kartasini, xorijga chiqish uchun biometrik pasportini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan identifikasiyalovchi ID-kartasi (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) bilan, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, identifikasiyalovchi ID-kartasini (O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini) qasddan yaroqsizlantirishi yoki uni ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan identifikasiyalovchi ID-kartasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan identifikasiyalovchi ID-kartasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi ko‘rsatilgan.

Kiritildi: 12:10 13.03.2023. O'qildi: 4954 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!