Janubiy Koreya razvedkasi fevral oyi boshida Shimoliy Koreya Kursk viloyatiga qo‘shimcha harbiy kuchlar jo‘natganini ma’lum qildi. Ushbu kontingent Rossiya tomonida jang qilgan va katta yo‘qotishlarga uchragan.
Bu haqda Koreya matbuoti Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati bayonotiga tayanib xabar berdi. Rossiyaga yuborilgan qo‘shimcha kuchlarning aniq soni oshkor qilinmagan.
"Yanvar va fevral oylarida taxminan 1000-3000 nafar Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya kemalari va harbiy samolyotlari orqali Kursk viloyatidagi frontga yetkazildi", — deya xabar beradi Janubiy Koreyaning JoongAng nashri o‘z manbalariga tayanib.
Qayd etilishicha, yangi kelgan harbiy kuchlar tarkibiga motopiyoda bo‘linmalari, muhandislik-sapyor qo‘shinlari va elektron razvedka mutaxassislari kiradi. Ushbu bo‘linmalar oktyabr oyida yuborilgan kontingent tarkibida bo‘lmagan.
Ukraina harbiylari va Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 11 ming harbiydan iborat KXDR kontingenti Kursk viloyatida og‘ir yo‘qotishlarga uchragan, ulardan 4 ming nafari halok bo‘lgan yoki yaralangan. Shu sababli ular yanvar oyi o‘rtalarida frontdan olib chiqilgan. Ammo uch hafta o‘tib, Shimoliy Koreya bo‘linmalari yana jang maydoniga qaytgan.