Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, mamlakatimizda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azmu shijoati, bilim va salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir qator tashabbuskor va yetakchi yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi. Ular orasida yaqinda Osiyo kubogi U23 finalchisiga aylangan O‘zbekiston olimpiya jamoasining quyidagi 3 nafar o‘yinchisi ham joy olgan:
Jaloliddinov Jasurbek Jamshid o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi (U-23) sardori
Norchayev Xusain To‘raqul o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi (U-23) a’zosi
Erkinov Hojimat Botir o‘g‘li - Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi (U-23) a’zosi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya jamoasi 1-19 iyun kunlari Toshkent va Qarshida o‘tgan Osiyo kubogi U23 bahslarida finalga qadar yetib kelib, turnirni vise-chempion sifatida yakunlashdi. Saudiya Arabistoni esa qit’ada tengsiz bo‘ldi.